11:52 / 13.05.2019
24665

O‘zbekistonda yangi tahrirdagi Yer kodeksi loyihasi e'lon qilindi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi qonun loyihasi joylashtirildi.

Yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlari quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:

eng muhim tabiiy resurs, fuqarolar hayotiy faoliyatining asosi tariqasida yer fondini asrash, tuproq sifatini yaxshilash hamda uning unumdorligini oshirish;

yerlardan oqilona, samarali va belgilangan maqsadda foydalanishni ta'minlash;

qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlarning, eng avvalo sug‘oriladigan yerlarning alohida muhofaza etilishini, kengaytirib borilishini hamda ulardan qat'iy belgilangan maqsadda foydalanishni ta'minlash;

qishloq xo‘jaligi yerlarining unumdorligini oshirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda yerlarni muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishni davlat yo‘li bilan va boshqa tarzda qo‘llab-quvvatlash;

yerga va butun atrof tabiiy muhitga zarar yetkazilishining oldini olish, ekologik xavfsizlikni ta'minlash;

yerdan foydalanish shakllarining xilma-xilligi, yer munosabatlari ishtirokchilarining teng huquqliligini ta'minlash hamda ularning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya etish;
 
yer uchastkalarga bo‘lgan huquqlarni va yer uchastkalari yuzasidan bitimlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning majburiyligi;

yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lash;

yer uchastkalarini ajratib berishda shaffoflikni ta'minlash, ularni qaytarib olib qo‘yish, yerdan foydalanish maqsadini o‘zgartirish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni cheklash to‘g‘risidagi qarorlarning oshkoraligini va jamoatchilikning fikrini hisobga olgan holda qabul qilish;

yerlarning holati haqidagi axborotning to‘liq bo‘lishini hamda undan erkin foydalanishga yo‘l qo‘yilishini ta'minlash.

O‘zbekiston Respublikasida yer fondi yerlardan foydalanishning belgilangan asosiy maqsadiga ko‘ra quyidagi toifalarga bo‘linadi:

1) qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar - qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yoki ana shu maqsadga mo‘ljallangan yerlar. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar sug‘oriladigan va sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlardan iborat bo‘lib, bular haydaladigan ekin yerlar, ko‘p yillik mevali daraxtzorlar, bo‘z yerlar, yaylov yerlar va meliorativ qurilish holatidagi yerlarga bo‘linadi;

2) aholi punktlarining yerlari – shaharlar,shaharchalar, qishloq aholi punktlarining, shuningdek bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlari chegarasi doirasidagi yerlar;

3) sanoat, transport, telekommunikatsiya, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar - ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlar;

4) tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va ommaviy dam olish maqsadlariga mo‘ljallangan hamda tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar - muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan, ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, ommaviy dam olish va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik hamda moddiy-madaniy meros obektlari joylashgan yerlar;

5) o‘rmon fondi yerlari - o‘rmon bilan qoplangan va o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan o‘rmon bilan qoplanmagan yerlar;

6) suv fondi yerlari - suv obektlari, suv xo‘jaligi inshootlari egallagan yerlar va suv obektlarining qirg‘oqlari bo‘ylab ajratilgan mintaqadagi yerlar;

7) davlat zaxira fondi  yerlari–mazkur-moddaning- 1-6 bandlarida ko‘rsatilgan yer fondi toifalariga kiritilmagan, istiqbolda foydalanish imkoniyati bor bo‘lgan yer turlaridan iborat yerlar.

Yer fondi toifalari kichik toifalarga bo‘linishi mumkin.

Yerlar asosiy foydalanish maqsadiga qarab yer fondi toifalariga bo‘linadi.

Yerlardan asosiy foydalanish maqsadi - yerlardan yer-kadastr hujjatlarida aks ettiriladigan aniq maqsadlarni ko‘zlab foydalanishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibi va shartlaridir.

Yerlarni yer fondining bir toifasidan boshqasiga o‘tkazish yerlardan asosiy foydalanish maqsadi o‘zgargan hollarda yer uchastkalarini ajratib berish huquqiga ega bo‘lgan organlar tomonidan amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni  davlat zaxira fondiga o‘tkazish alohida hollarda ruxsat beriladi.

Yer fondining toifasi va yer turlari yer uchastkalarini yuridik va jismoniy shaxslarga berish to‘g‘risidagi qarorlarda, davlat yer kadastri hujjatlarida, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tasdiqlovchi guvohnomalarda, shartnomalarda va boshqa hujjatlarda ko‘rsatiladi. Mazkur qarorlarda va hujjatlarda ko‘rsatilmagan taqdirda ular haqiqiy emas deb topiladi.

Yerlarni bir toifadan boshqasiga o‘tkazishning belgilangan tartibini buzish g‘ayriqonuniy deb hisoblanib, uning asosida vujudga kelgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni haqiqiy emas deb topishga va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga asos bo‘ladi.

Yer fondi toifalarga bo‘linishidan qat'iy nazar yerlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

haydaladigan ekin yerlar – muntazam ravishda ishlov berilib, qishloq xo‘jalik ekinlarini ekish uchun foydalanadigan yerlar, shuningdek yopiq holatdagi issiqxonalar va oranjyereyalar maydonlaridagi  yerlar;  haydaladigan ekin yerlar sug‘oriladigan va lalmi ekin yerlarga bo‘linadi.

ko‘p yillik mevali daraxtzorlar bilan band bo‘lgan yerlar – hosil (mahsulot) olish uchun barpo etilgan bog‘lar, tokzorlar, tutzorlar, mevali daraxtlar ko‘chatzorlari bilan band bo‘lgan yerlar;

bo‘z yerlar – muntazam ekin ekilib kelingan, ikki yil va undan ortiq davrda haydalmagan va foydalanilmay qolib ketgan, ammo foydalanishga yaroqli yerlar;

yaylovlar – chorva mollarini o‘tlatish (boqish), pichan o‘rish uchun yaroqli bo‘lgan tabiiy va sun'iy holatda o‘suvchi ko‘p yillik o‘tlar va butalar bilan qoplangan yerlar;

meliorativ qurilish holatidagi yerlar – meliorativ qurilish ishlari amalga oshirilayotgan yoki oshirilishi mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar;

tomorqa yerlar – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini erkin savdo va oila ehtiyojlari uchun yetishtirish maqsadida oila a'zolaridan biriga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilishga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va o‘lchamlarda ajratilgan yakka tartibdagi uy-joy qurilishi va uy-joyni obodonlashtirish hamda shaxsiy yordamchi xo‘jaligini kengaytirish uchun daladan berilgan tomorqa yerlar; 

o‘rmonzorlar - ekologik, estetik va boshqa maqsadlarda foydalanish uchun barpo etilgan daraxtzorlar, shuningdek butalar bilan band bo‘lgan yerlar;

suv osti yerlari – ko‘llar, suv omborlari, suv havzalari, daryolar, soylar, kanallar, kollektor va zovurlar ostidagi yerlar;

yo‘l osti yerlari – avtomobil va temir yo‘llar, dala yo‘llari, so‘qmoqlar, shuningdek chorva mollarini haydab o‘tish yo‘llari;

ijtimoiy hovli, ko‘cha va maydonlar osti yerlari – ko‘chalar, shoxko‘chalar, maydonlar, tor ko‘chalar, suv bo‘yidagi ko‘chalar ostidagi yerlar;

qurilish osti yerlari – bino va inshootlar bilan band bo‘lgan yerlar;

qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan boshqa yerlar – xo‘jalik va boshqa maqsadlarda foydalanilmayotgan yerlar;

Yerlarni bir turdan boshqasiga o‘tkazish yer uchastkasini berish vakolatiga ega bo‘lgan davlat hokimiyati organlarining qaroriga binoan quyidagi hollarda:

yerlarni qaytarib olib, boshqa maqsadlarga ajratib berishda;

yerdan foydalanish maqsadlari o‘zgarganda,

shu jumladan:

foydalanilayotgan yer uchastkasida qurilishga ruxsat etilganida;

yerlarni o‘zlashtirish bo‘yicha tadbirlar amalga oshirilganda;

antropogen, texnogen va tabiiy holatlar natijasida yerlarning sifati va boshqa xususiyatlari o‘zgarganida amalga oshiriladi.

Yerlarni bir turdan boshqasiga o‘tkazishning belgilangan tartibini buzish g‘ayriqonuniy hisoblanib, uning asosida vujudga kelgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni haqiqiy emas deb topishga va uni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etishga asos bo‘ladi.

Top