16:22 / 14.05.2019
14430

Buxoroda havodan suv oluvchi uskuna o‘rnatildi

O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi, Isroilning “Watergen Ltd.”, Xolon texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda 14 may kuni Buxoro shahrida tajriba tariqasida sinovdan o‘tkazish uchun “Gen-350” atmosfera suv generatori o‘rnatildi. 

Havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi mazkur havo-suv generatori qurilmasi bir sutkada o‘rtacha 900 litrgacha toza suv ishlab chiqaradi.

“Watergen” texnologiyasi asosidagi “GENiusTm”, “Gen-350” qurilmalari dunyodagi eng kam energiya sarflovchi havo-suv generatori bo‘lib (AWG), u kam quvvat iste'moli bilan ko‘proq suv hosil qilish imkonini beradi. Qurilma, shuningdek, bir nechta to‘siqli filtr kaskadlar orqali havoni filtrlaydi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 12 may kungi Isroil davlati delegatsiyasi bilan uchrashuvida ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda 2 oydan so‘ng Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida ham qurilmani amaliyotga tatbiq etish masalalarini muhokama qildi. Vazir, shuningdek, kelgusida har bir xonadon uchun mo‘ljallangan havo namligidan foydalangan holda toza ichimlik suvini hosil qiluvchi kichik hajmdagi havo-suv generatori qurilmalarini ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar berdi.

Ta'kidlash joizki, atmosfera havosi namlikning ulkan rezervuari hisoblanadi va hatto quruq iqlimli hududlarda ham odatda 1 kv.m. havoda 6-10 gr.gacha suv bo‘ladi. Issiq quruq, cho‘l hududlaridagi yerga yaqin joylashgan 1 kv. km. atmosfera qatlamlarida 20 000 tonna suv bug‘i mavjuddir.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo aholining beshdan bir qismi suv taqchilligi muammosi mavjud hududlarda yashaydi. Bundan tashqari, jahon ahlining to‘rtdan bir qismi yerosti suvlari va daryolardagi suvlardan foydalanish imkoniyatini beruvchi infratuzilmalar mavjud bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. 

Top