10:19 / 15.05.2019
19124

Oyatulloh Ali Xomanaiy Eron va AQSh o‘rtasida urush chiqishi ehtimolini istisno qildi

Foto: REUTERS

Eron AQSh bilan urush uchun asos ko‘rmayapti, biroq mamlakat Vashingtonning Eronga qarshi siyosati bilan kurashishni davom ettiradi. Bu haqda Eronning diniy rahnamosi va oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy ma'lum qildi. 

“Eron xalqining tanlovi AQShga qarshi kurashish hisoblanadi va bu qarama-qarshilikda AQSh chekinishga majbur bo‘ladi”, deb aytgan oyatulloh.

Shu bilan birga Xomanaiy Tehron ham, Vashington ham Yaqin Sharqda vaziyatning taranglashishidan manfaatdor emasligini ta'kidlab o‘tgan. 

“Eronning AQShga qarshi kurashi harbiy emas, chunki urush uchun asos yo‘q. Biz urush istamaymiz va ular ham, chunki bu ularning manfaatida emasligini biladilar”, deb aytgan Xomanaiy.

Fors ko‘rfazidagi vaziyat AQSh Eron tomonidan tahdid solinayotgani vaji ostida mintaqaga “Avraam Linkoln” aviatashuvchi kema boshchiligidagi zarbdor guruh va bombardimonchi samolyotlar guruhini jo‘natgandan keyin keskinlashdi.

Tehronda AQSh kemalarining Fors ko‘rfazida bo‘lishi o‘z xavfsizligi uchun jiddiy tahdid deb hisoblanmasligi va AQSh tomonidan har qanday tajovuzni qaytarishga tayyor ekanliklari aytilgan.

Top