07:44 / 17.05.2019
11443

Temir yo‘l vokzallaridagi bepul xizmatlar turlari aniqlashtirildi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transportida yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagaj tashish Qoidalariga muvofiq vokzallarda va chipta kassalarida yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan, chiptalar sotilishi bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmatlar uchun barcha turdagi qo‘shimcha yig‘imlarni undirish, monopoliyaga qarshi kurashish organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Temir yo‘l vokzallarida va chipta kassalarida ko‘rsatilayotgan pullik hamda bepul xizmatlarni ajratish maqsadida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan birgalikda yo‘lovchilarga temir yo‘l vokzallarida hamda yo‘nalish davrida ko‘rsatiladigan qo‘shimcha xizmatlar Ro‘yxatini tasdiqladi.

Monopoliyaga qarshi qo‘mitaning matbuot xizmati xabarida aytilishicha, yuk tashish aravachasini taqdim etish, kutish zalidagi Wi-Fi internet (2 soatgacha), nogironlar uchun arava, telefon hamda noutbuklarni quvvatlantirish, shuningdek tibbiyot markazi hamda biblioteka xizmatlari, yo‘nalish davrida choy, suv, shakar hamda kofe taqdim etish bepul bo‘lishi lozim.

Reklama, yuklarni o‘rash hamda saqlash, “VIP” zal, sartaroshxona hamda boshqa xizmatlar pullik asosida ko‘rsatilishi mumkin.

Top