10:30 / 19.05.2019
9128

Shahobiddin Zoirov navbatdagi raqibini nokautga uchratib, g‘alabali yurishini davom ettirdi

18 may kuni professional boksda faoliyat olib borayotgan yana ikki o‘zbekistonlik bokschi navbatdagi janglarini o‘tkazishdi.

Rio olimpiadasi chempioni, Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik bokschi Shahobiddin Zoirov (2-0, 2 KO) Daniyaning Orxus shahrida o‘tkazilgan boks kechasida professional boksdagi ikkinchi jangida ringga chiqdi.

«MTK» promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan Zoirov gruziyalik Mishiki Shubitidzega (12-14-3, 5 KO) qarshi ringga chiqdi va raqibini 1-raunddayoq (2.20 soniya) nokautga uchratdi.

Zoirov professional boksdagi debyutini shu yilning aprelida amalga oshirgan va 6 raundga mo‘ljallangan jangda indoneziyalik Entoni Xoltni birinchi raunddayoq nokautga uchratgandi.

Rio olimpiadasining yana bir ishtirokchisi, «MTK» promouterlik kompaniyasi bilan hamkorlik qilayotgan Xurshid Tojiboyev (-60 kg) ham Orxusda professional faoliyatidagi ikkinchi jangini o‘tkazdi va Irakli Shariashviliga (5-3-1) qarshi 6 raundlik jang yakunida ochkolar hisobiga g‘alaba qozonib, ikkinchi jangida ikkinchi g‘alabasini nishonladi.

Bungacha, Xurshid Tojiboyev debyut jangida polshalik Kshishtof Rogovskini (10-29, 5 KO) uchinchi raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi.

Top