12:20 / 20.05.2019
54497

YPX xodimi transport vositalarini qanday asoslarga ko‘ra to‘xtatishi mumkin?

Foto: KUN.UZ

Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari hamda maxsus moslamalardan foydalanishi tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, YPX xodimlarining yo‘l harakati qatnashchilari bilan o‘zaro munosabatlari qonuniylik, odillik, oshkoralik, tenglik, ayb uchun javobgarlikning muqarrarligi, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlarni, erkinliklarni va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsiplariga asoslanadi.

YPX xodimi tomonidan transport vositalari quyidagi asoslarga ko‘ra to‘xtatilishi mumkin:

haydovchi tomonidan yo‘l harakati qoidalarining buzilishi vizual kuzatuvda aniqlanganda yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda;

transport vositasi, haydovchi yoki yo‘lovchi qidiruvda ekanligi, yo‘l transport hodisasi yoki boshqa huquqbuzarlikka aloqador ekanligi to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud bo‘lganda;

yo‘l transport hodisasi, huquqbuzarlik sodir etilganini ko‘rgan haydovchi yoki yo‘lovchidan hodisa tafsilotiga oydinlik kiritish zarurati yuzaga kelganda;

vakolatli davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning harakatni cheklash yoki taqiqlash bo‘yicha ko‘rsatmalarini bajarish jarayonida;

transport vositasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda foydalanish zarurati yuzaga kelganda (chet davlatlarning diplomatik, konsullik vakolatxonalariga va boshqa vakolatxonalariga, xalqaro tashkilotlarga tegishli bo‘lgan transport vositalari hamda maxsus mo‘ljallangan transport vositalari bundan mustasno);

maxsus tadbirlarni o‘tkazish jarayonida;

transport vositasidan foydalanish va boshqarish huquqini beruvchi, shuningdek, transport vositasi va olib ketilayotgan yuklarga oid hujjatlar mavjudligini tekshirish uchun (maxsus va harbiy yuklar, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilib, bojxona xizmat tomonidan plombalangan yuklar bundan mustasno).

YPX xodimi tomonidan boshqa asoslarga ko‘ra transport vositalarining to‘xtatilishi taqiqlanadi.

YPX xodimlarining ishoralari yo‘l harakati qatnashchilariga tushunarli bo‘lishi va o‘z vaqtida berilishi lozim.

YPX xodimi tomonidan transport vositasi hujjatlarni tekshirish uchun to‘xtatilganda, faqat ushbu hujjatlarni tekshirish jarayonida aniqlangan qoidalar buzilishi bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda chora ko‘riladi.

Qoidalar buzilishi vizual kuzatuv yoki maxsus moslama yordamida qayd qilinganda, YPX xodimi haydovchiga dastlab aynan sodir etgan qoidalar buzilishini tushuntirib, shundan so‘ng hujjatlarni tekshirib, tegishli choralar ko‘radi.

Top