13:22 / 21.05.2019
2731

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Dori vositalari eksporti o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan oshdi

O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida dori-darmon ta'minotini yanada yaxshilash va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotgani qayd etildi.

«Mamlakatimiz Prezidentining 2019 yil 10 apreldagi «2019 – 2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni sohadagi islohotlarning izchil rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni paytda respublikamizda faoliyat yuritayotgan 162ta korxonadan 90tasida dori vositalari, 61tasida tibbiy buyum va 11tasida dori vositasi va tibbiy buyumlar ishlab chiqarmoqda. Ishlab chiqarilayotgan 2486dan ortiq dori vositalari va 199ta tibbiyot buyumlari tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat etilib, davlat ro‘yxatiga olingan. 19ta farmatsevtika korxonalarining 100ga yaqin turdagi mahsulotlari xalqaro farmatsevtika bozoriga, shu jumladan, AQSh, Fransiya, Germaniya hamda Yevropaning boshqa mamlakatlari va MDHga eksport qilinmoqda.  Bundan tashqari, farmatsevtika sohasiga xorijiy investitsiyalarni  jalb qilinishi hisobiga 26ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmokda. Erkin iqtisodiy zonalarda tashkil etilayotgan barcha ishlab chiqarish korxonalari qatori, farmatsevtika korxonalariga ham imtiyozlar berilishi soha rivojiga katta ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

E'tiborli jihati, mahalliy ishlab chiqaruvchi 27ta korxona tomonidan 25 farmakoterapevtik guruhga mansub dori vositalari va 10 nomdagi tibbiy buyumlar 14ta xorij davlatiga, jumladan, AQSh, Germaniya, Rossiya, Fransiya va boshqa mamlakatlarga eksport qilinmoqda. Korxonalar tomonidan eksport qilingan mahsulotlar hajmi 2018 yilning 1 choragiga nisbatan 134,6 foizga oshdi. 6ta yangi farmatsevtik bozor – Janubiy Koreya, Turkiya, Moldova, Tojikiston, Belarus va Yaman davlatlari bozorlari o‘zlashtirildi», Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Top