15:47 / 23.05.2019
12557

Sog‘liqni saqlash vazirligi Kitob tumani bolalar shifoxonasidagi holatga oydinlik kiritdi

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi bolalar shifoxonasidagi holat bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar yuzasidan mavjud vaziyatni o‘rgandi.

Internetda tarqalgan xabarda bolalar shifoxonasida joy yetishmasligi tufayli bemor bolalar sanitariya talabiga javob bermaydigan, hamshiralar kiyinadigan xonada yotib davolanayotgani aks etgandi.

«Ayni paytda Kitob tumanida bolalarga va aholining barcha qatlamiga zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida beshta qishloq vrachlik punkti, yettita qishloq oilaviy poliklinikasi va tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxona faoliyat yurityapti. 130 o‘ringa mo‘ljallangan tuman bolalar shifoxonasida yiliga sakkiz ming nafardan ziyod bolaga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Tibbiyot muassasasida malakali kadrlar yetarli, dori-darmon o‘z vaqtida yetkazib berilyapti.

Shu bilan birga, barpo etilganiga ko‘p yil bo‘lgan mazkur shifoxona binosi ancha ta'mirtalab ahvolga kelib qolgani sababli mamlakatimiz Prezidentining 2018 yil 3 fevraldagi «2018 yildagi investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, ayni kunlarda tuman tibbiyot birlashmasi hududida bolalar shifoxonasi uchun yangi bino qurilishi jadal sur'atlarda olib borilyapti. Buning uchun investitsiya dasturi doirasida qariyb 4 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.

«Mazkur bino qurilishi joriy yilning to‘rtinchi choragida yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Natijada hududda tibbiy-ijtimoiy infratuzilma yanada yaxshilanib, bolalarga tibbiy yordam ko‘rsatish sifati yangi bosqichga ko‘tariladi», – deydi Qashqadaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Tursunov.

Top