10:54 / 25.05.2019
70544

Shavkat Mirziyoyev O‘zMU talabasiga avtomobil sovg‘a qildi

Kecha, 24 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zMUda oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zMU matematika fakulteti 4-kurs talabasi Sardor Bozorboyev so‘zga chiqib, o‘z tajribasidan kelib chiqib, S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyi o‘quvchilarini matematika fanidan xalqaro olimpiadaga tayyorlayotgani, o‘quvchilari Rossiyada bo‘lib o‘tgan olimpiadalarda munosib ishtirok etgani haqida gapirib berdi. 

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi xabariga ko‘ra, prezident talabaning ishtiyoqi, tashabbuskorligi va vatan ravnaqi yo‘lidagi fidoyiligi uchun “O‘zavtosanoat” AJ boshqaruvi raisi Shavkat Umirzoqovga Sardor Bozorboyev uchun avtomobil ajratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 

Sardor Bozorboyev
Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi

Shavkat Mirziyoyev Xalq ta'limi vazirligiga talaba bilan hamkorlik qilish, o‘quvchilarni xalqaro olimpiadaga tayyorlashda uning tajribasidan foydalanish, mehnatlarini munosib rag‘batlantirib borishni tavsiya qildi.

Shuningdek, uchrashuvda Toshkent davlat texnika universiteti Mexanika fakulteti 1-bosqich magistranti Behzod To‘xtamurodov ham so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni o‘zi va uch nafar do‘stidan iborat jamoa tomonidan olib borilayotgan tadqiqot ishlari, xususan «UzDelta» 3D printer yaratish borasidagi loyihasi bilan tanishtirdi. 

Prezident talabaning taqdimoti bilan tanishgach, “Asaka bank” boshqaruv raisi Nodirbek Saydullayevga talabaga o‘z loyihasini yakuniga yetkazish uchun zarur bo‘lgan 1 mlrd so‘m mablag‘ni ajratish yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Top