00:31 / 29.05.2019
15062

Urgutdagi «Jartepa» chegara bojxona posti ochilganidan buyon qanday qonunbuzarliklar fosh etildi?

Keyingi paytlarda yurtimizda ro‘y berayotgan tashqi siyosatda konstruktiv va o‘zaro manfaatga asoslanib amalga oshirilayotgan jadal islohotlar natijasida Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan qo‘shni mamlakatlar bilan ko‘p qirrali hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilib, xalqlarimiz do‘stligi tobora mustahkamlanib bormoqda.

Ana shu islohotlar va yangilanishlar natijasi o‘laroq, 2018 yil 1 martdan boshlab Samarqand viloyati Urgut tumanidagi O‘zbekiston-Tojikiston chegarasida joylashgan xalqaro maqomga ega bo‘lgan «Jartepa» chegara o‘tkazish punkti qayta o‘z faoliyatini boshladi.

Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, o‘tkazish punktida bojxona organi xodimlari bilan bir qatorda davlat veterinariya, sanitariya, o‘simliklar karantini va chegara xizmati xodimlari ham nazorat faoliyatini olib borishadi.

Bojxona postida chegara orqali harakatlanuvchi fuqarolarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kirish va chiqish zallarida isitish-sovutish tizimi jihozlangan, postda nogironlik va yuk tashishga mo‘ljallangan aravachalar mavjud.

O‘rnatilgan peshtaxtalarda esa fuqarolar o‘zlari bilan olib o‘tishi mumkin bo‘lgan tovar-moddiy boyliklar me'yorlari hamda valuta qimmatliklari to‘g‘risida barcha ma'lumotlar o‘zbek, tojik va rus tillarida ko‘rsatib o‘tilgan.

«Jartepa» chegara bojxona posti ochilganidan shu kunga qadar, kirishda 460 mingga yaqin, chiqishda 455 mingdan ortiq, jami 915 ming nafar yo‘lovchilar harakatlangan bo‘lib, kuniga o‘rtacha 2100–2200 nafar fuqaro bojxona ko‘rigi va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Post orqali o‘tgan davr mobaynida jami 61 mingta, shundan kirishda 30 mingga yaqin va chiqishda 31 mingdan ortiq, kuniga o‘rtacha 140-150 ta avtotransport vositalari harakatlanmoqda.

Bojxona nazoratini amalga oshirishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirishning davomiyligini qisqartirishga ustuvor vazifa sifatida qaralib, bojxona xodimlari tomonidan har bir yengil avtomashina o‘rtacha 15–20 daqiqada bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazilmoqda.

Bojxona nazoratini amalga oshirish maqsadida zamonaviy «Rapiskan», «Nuctech» rusumli rentgen apparatlari, kuzatuv kameralari, nazorat texnik vositalari va jihozlari bilan ta'minlanganligi fuqarolar hamda ularning qo‘l va bagaj yuklarini tezkor tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazish imkoniyatini bermoqda.

Tadbirkor va haydovchilar uchun Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan yana bir qulaylik yaratilgan bo‘lib, qo‘mitaning www.bojxona.uz rasmiy veb-saytining «Bojxona nazorati» rukni orqali chegara bojxona postlarida, shu jumladan «Jartepa» chegara bojxona postida navbatda turgan va bir kunda rasmiylashtirilgan avtotransport vositalari soni bo‘yicha onlayn ma'lumotlarni ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Xavf guruhiga kiruvchi yoki boshqa ma'lumotlarga asosan, kuniga 6-7 ta yengil avtotransport vositalari (umumiy harakatlanganlarning 5 foizi) sinchkovlik bilan tekshirib ko‘rish uchun maxsus jihozlangan binoga kiritilib, qisqa vaqt davomida bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmoqda.

Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati
Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Avtotransport vositalariga o‘rnatilgan gaz ballonlarni tekshirishga zarurat bo‘lganida, chegara postiga eng yaqin avtoservislarga olib borib tekshirilishi mumkin. Bojxona posti barcha xodimlari xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishi bo‘yicha Sanoat xavfsizligi boshqarmasida maxsus o‘quv kurslarida o‘qitilgan.

«Jartepa» chegara bojxona postida yaratib berilgan qulayliklarga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan belgilangan tartibni buzgan holda, tovarlarni bojxona nazoratidan yashirincha olib o‘tish holatlari ham kuzatilmoqda.

Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati
Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Tahlillarga e'tibor qaratsak, o‘tgan davr maboynida post orqali harakatlanayotgan fuqarolar tomonidan jami 320 ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlangan bo‘lib, umumiy qiymati 714 mln. so‘mlik tovar-moddiy boyliklarining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi.

Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida 1 ta holatda 250 tabletka psixotrop moddalar, 1 ta holatda «marixuana» giyohvandlik vositasi, 28 ta holatda tamaki mahsulotlari, 11 ta holatda alkogolli mahsulotlar, 3 ta holatda taqiqlangan mazmundagi diniy materiallarning noqonuniy olib o‘tilishining oldi olindi.

Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Mazkur huquqbuzarliklar tahlili, mahsulotlar asosan avtomashinaning old va orqa eshiklari qoplamasi ichiga xufiyona tarzda yashirilgan holda, shuningdek boshqa tovarlar esa avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz ballonni qo‘lbola usulda kesib, ichiga yashirib olib kirilayotganligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Samarqand viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati

Bugungi kunda «Jartepa» chegara bojxona posti belgilangan tartibda ish faoliyatini davom ettirmoqda.

Mavzuga oid
Top