14:43 / 31.05.2019
9473

2 oylik o‘g‘lini 8 ming dollarga sotayotgan vaqtida ushlangan ayolga sud hukmi chiqarildi

Illyustrativ foto

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida sayyor sud bo‘lib o‘tdi. Sud raisi Xurshid Xotamov sudlanuvchi Sh.O.ga bolasini sotmoqchi bo‘lganligi yuzasidan hukm chiqardi. Sh.O. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan ayblandi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yil 18 mart kuni fuqaro F.M. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga ariza bilan murojat qilib, Sh. ismli shaxs, Toshkent viloyati, Toshkent tumanidagi uylarda ijarada yashab kelib, 2019 yil 6 yanvar kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini sotmoqchi ekanligini bayon qilib, ushbu xolat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan. 

Mazkur holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tezkor tadbirlar natijasida Sh.O. 2019 yil 6 yanvar kuni tug‘ilgan o‘g‘il farzandini 8.000 AQSh dollari evaziga sotmoqchi ekanligi ma'lum bo‘lgan.

2019 yil 18 mart kuni soat 18:00larda O‘zbekiston Respublikasi IIV TEQKBB va viloyati IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, O‘rtachirchiq tumani, Yangixayot mahallasida, Bektemir shoh ko‘chasida joylashgan kafeda, Sh.O. tadbirga “shartli mijoz” tariqasida jalb qilingan Z.R.dan 8.000 AQSh dollari miqdorida pullarini olib, o‘zining o‘g‘il farzandini va uning tug‘ilganlik haqidagi tibbiy hujjatini taqdim qilib, farzandini sotgani va bu haqda hech qanday e'tiroz yo‘qligi haqida tilxat yozib berganidan so‘ng, tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlanib, undan 8.000 AQSh dollari miqdoridagi pullar daliliy ashyo tariqasida olingan.

Sh.O. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 135-moddasi 3-qismining “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va shu modda bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Jazoni ijro etish Toshkent viloyati, Toshkent tumani, IIBning jazolarni ijro etish inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan go‘daklar uyiga topshirilgan Sh.O. o‘g‘lining taqdirini hal etish masalasi Yangiyo‘l tumani hokimligi huzuridagi homiylik va vasiylik organi zimmasiga yuklatildi.

Top