21:00 / 31.05.2019
16160

Shavkat Mirziyoyev Donald Tuskni qabul qildi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Yevropa kengashi Prezidenti Donald Tuskni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari yuqori martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Yevropa ittifoqi bilan konstruktiv siyosiy muloqot hamda savdo-iqtisodiy, innovatsion, ilmiy-texnik va madaniy-gumanitar sohalarda samarali amaliy hamkorlik rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 25 yil to‘ladigan joriy yilda Yevropa Kengashi Prezidentining mamlakatimizga ilk tashrifi ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani va bunga intilayotganidan dalolat beradi.

“O‘zbekiston – YeI” hamkorlik kengashi va qo‘mitasining muntazam majlislari, parlamentlararo almashinuvlarning rivojlanayotgani, Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini va boshqa oliy martabali vakillarning mamlakatimizga tashriflari keyingi yillarda o‘zaro aloqalar faollashganini ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz va YeI o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida yangi bitim loyihasi yuzasidan muzokaralar boshlangan.

Yevropa ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi va investitsiya loyihalari soni ortmoqda. O‘zaro savdo va ivestitsiyalarni yanada ko‘paytirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha maslahatalashuvlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, yevropalik hamkorlar O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi masalasida ko‘maklashmoqda.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklik qayta yo‘lga qo‘yildi va kengaymoqda, mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida Yevropa investitsiya banki ishtirokida ilk qo‘shma loyihalar amalga oshirila boshlandi.

“Gorizont-2020” va “Erazmus plyus” dasturlari doirasida faol ilmiy va o‘quv almashinuvlari amalga oshirilmoqda.

Uchrashuvda asosiy e'tibor iqtisodiyot, savdo, innovatsiya va investitsiyalar, transport, fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga qaratildi.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar Yevropa biznesining yetakchi vakillari yurtimizda yanada keng faoliyat yuritishlari, mamlakatimizga eng yangi texnologiyalar, ilg‘or tajriba va yuksak standartlarni faol jalb qilish uchun imkoniyatlar ochayotgani alohida ta'kidlandi.

Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi strategiyasiga muvofiq mintaqada o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish muhimligi ta'kidlandi.

Yevropa kengashi Prezidenti O‘zbekistonning Orol dengizi havzasidagi ekologik halokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish borasidagi amaliy sa'y-harakatlariga yuksak baho berdi, Orolbo‘yi mintaqasi uchun ko‘p sheriklik asosidagi trast fondi doirasida faol hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik boshqa dolzarb masalalar, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida butun mintaqa barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta'minlash yo‘lida keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida tomonlarning intilishi qat'iy ekani ta'kidlandi.

Top