11:33 / 01.06.2019
6903

Deputatlar nima deydi: Quyosh elektrstansiyalarini barpo etish loyihalari nima uchun amalga oshmayapti? 

So‘nggi o‘n yilliklarda butun dunyoda energiyaning qayta tiklanuvchi manbalaridan foydalanishni keng joriy qilish kun tartibiga chiqqani hech kimga sir emas. Bu borada O‘zbekistonda ham ayrim ishlarni amalga oshirishga urinishlar bo‘ldi. Ammo, lekin, biroq...Samarqand, Navoiy, Jizzax, Surxondaryoda 100 MVt.lik quyosh elektrstansiyalari barpo etilishi, Toshkent viloyatining ba'zi tumanlarida shamol generatorlari o‘rnatilishi xususida shov-shuvli xabarlar bir necha marotaba e'lon qilinib, muhoqama qilinganiga qaramay, bularning barchasi hozirgacha, balandparvoz gapligicha qolib kelmoqda. 

Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish bo‘yicha aniq vazifalar davlat dasturlariga ham kiritilgan bo‘lsa-da, amaliyotda aniq natijalar ko‘zga tashlanmayapti. Xo‘sh buning sababi nimada? Nima uchun bu sohada oqsoqlik ko‘zga tashlanmoqda? Oliy Majlis deputatlarining Axborot va Ommaviy kommunikatsiyalar agentligidagi OAV vakillari bilan uchrashuvda bu xususda o‘z fikrlarini bildirar ekan, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishning yo‘lga qo‘yilmagani, iqtisodiyotning bu sektoriga investorlar kirib kelishiga asosiy to‘sqinliklardan biri – bu sohani tartibga soluvchi, sodda va lo‘nda tilda yozilgan qonun hujjatining mavjud bo‘lmaganidir, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri. Uchrashuv «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunni izohlash va uning ijrosi borasida bo‘lib o‘tdi. 

Deputatlarga ko‘ra, xorijiy va mahalliy investorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqarishga sarmoya kiritmayotganlari, aholining ham bu borada faollik ko‘rsatmayotganining sababi – sohaning qonunchilik nuqtainazaridan tartibga solinmaganligidir.

«Maxsus komissiya tomonidan o‘rganishlar natijasida tog‘li hududlardagi ayrim daryo o‘zanlarida aholi tomonidan muqobil energiya ishlab chiqaruvchi generatorlar o‘rnatilgani va lokal tarmoq orqali iste'molchilarga, ya'ni qo‘ni-qo‘shnilarga sotish jarayonlariga guvoh bo‘ldik. Savol tug‘iladiki, bunday ishlab chiqaruvchilarning soliq to‘lashi, iste'molchilarning haq-huquqlari, mahsulotni yetkazib berish huquqiy jihatlari qanday hal etiladi? 

Biz mazkur masalalarni, fuqarolarning taklif-mulohazalarini o‘rgangan holda ishlab turgan qonunga xalqaro amaliyotda uchramaydigan me'yorni kiritdik. U ham bo‘lsa, muqobil energiya manbalaridan ishlab chiqarilgan energetikani lokal tarmoq orqali sotish huquqini belgilab qo‘ydik. Bugungi kunda bu o‘z samarasini beryapti», - dedi Qonunchilik palatasi deputati Islom Xushvaqtov.

«Shu kungacha qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqish borasida yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan edi. Samarqanddagi quvvati 100 MVt.lik quyosh elektrstansiyasi ham shu jumladan. Shu kabi farmon va qarorlarda belgilangan barcha yirik loyihalar, sohani tartibga soluvchi maxsus qonun bo‘lmaganligi, bunday elektr energiyasining ta'rifi berilmaganligi, boshqaruv mexanizmining huquqiy asoslari bo‘lmaganligi uchun ham shov-shuv bo‘lgan loyihalar amalga oshmay qolaverdi. «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida»gi qonun esa, ana shunday loyihalarni amalga oshirishning huquqiy asoslarini belgilab beradi», - deya ta'kidladi Islom Xushvaqtov.

«Bu narsani misol bilan tushuntirganimizda, – deya qo‘shimcha qildi Ekologik harakat deputatlik guruhi rahbari Boriy Alixonov, – siz agar muqobil energiya manbalaridan elektr energiya ishlab chiqarmoqchi bo‘lsangiz, sizga mulk solig‘i, yer solig‘i kabilardan ozod qilish bo‘yicha ma'lum bir imtiyozlar berish imkoniyati paydo bo‘ldi. 

Bundan tashqari, siz qayta tiklanuvchi energiya manbasidan ishlab chiqarayotgan va iste'molingizdan ortiqchasini sotish imkoniga ega bo‘ldingiz. Buning uchun blok stansiyaga ulanish kifoya. Aytmoqchi bo‘lganim, bu masalada ishlab chiqaruvchini rag‘batlantirish qonunda belgilab berildi. Shu vaqtgacha, bu kabi masalalar qonuniy yechim topmagan edi». 

Top