08:26 / 01.06.2019
7950

MDH ichki ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida 6ta masala ko‘rib chiqildi

MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari Kengashining navbatdagi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boshqarmasi.

Foto: IIV axborot xizmati

Mazkur yig‘ilish Hamdo‘stlik davlatlari Ichki ishlar vazirlari Kengashining 46-uchrashuvi hisoblanib, u an'anaviy tarzda qizg‘in va konstruktiv hamda hamfikrlilik ruhida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Ozarboyjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Armaniston Respublikasi Politsiyasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston Ichki ishlar vazirliklari delegatsiyalari ishtirok etdi.

Foto: IIV axborot xizmati

Kengashning bu galgisida Hamdo‘stlik davlatlari hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Byuro direktori O.F.Konovalov, Ijro qo‘mitasi qoshidagi MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirlari Kengashi vakili A.N.Kuleshov, Ijro qo‘mita o‘rinbosari A.D.Smagulov, shuningdek MDH Antiterror markazi rahbari A.P.Novikovlar qatnashdilar.

Ayni vaqtdagi Ichki ishlar vazirlari Kengashi yig‘ilishiga raislik qilish vazifasi Ozarboyjon Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga o‘tdi.

Ichki ishlar vazirlari Kengashida kun tartibiga qo‘yilgan 7 banddan iborat keng qamrovli vazifalar ko‘rib chiqildi.

Birinchi masala “MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasining hamkorligi va davlatlararo jinoyatchilikka qarshi kurashish dasturini amaliyotga joriy etishning ustuvor masalalari to‘g‘risida” nomini oldi.

Muhokamalar mobaynida yig‘ilish ishtirokchilari dolzarb masalalar va Hamdo‘stlik davlatlari Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasining istiqboldagi hamkorligini kengaytirish yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.

Jinoyatchilikka qarshi kurashish davlatlararo dasturi amaliyotga joriy qilinishining, shuningdek hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar va maxsus operatsiyalarning ijobiy natijalari qayd etib o‘tildi.

Ikkinchi masala yuzasidan Hamdo‘stlik davlatlari hududida Uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli turdagi jinoyatchilikka qarshi kurashishni muvofiqlashtirish bo‘yicha Byuro tashabbusi bilan qayta ishlab chiqilgan 2030 yilgacha bo‘lgan vaqtda Hamdo‘stlik davlatlarining Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasi hamkorligi Konsepsiyasi Kengash qaroriga muvofiq tasdiqlandi.

Kun tartibidagi uchinchi masala bo‘yicha Kengash ilgari Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ilgari surilgan, MDHga a'zo davlatlarning majburiy ravishda chiqarib yuborilishi lozim bo‘lgan shaxslarga qaytib kelish uchun guvohnoma rasmiylashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi.

To‘rtinchi masalada Tojikiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Hamdo‘stlik davlatlarining Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasi yuborgan so‘rovnomalarni xalqaro nazorat ostida yetkazishning yagona tartibi Kengash tomonidan tasdiqlandi.

Kun tartibidagi beshinchi masala yuzasidan MDHga a'zo davlatlar Ichki ishlar vazirliklari va Politsiyasi tomonidan har tomonlama muvofiqlashtirilgan yoki hamkorlikda tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazish borasida Kengash tomonidan umumiy qoidalar qabul qilindi.

Byuro tashabbusi bilan kiritilgan mazkur qoidalarga asosan, tashkilotni tartibga soluvchi va yuqorida keltirilgan tezkor-profilaktik tadbirlarni o‘tkazishda foydalaniladigan normativ-huquqiy hujjatlardan foydalanishda MDHga a'zo mamlakatlarning asosiy milliy qonunchiligi inobatga olinadi.

Oltinchi masala bo‘yicha Kengashning oldin qabul qilingan 11 ta qarorini, ya'ni ayrim sabablarga ko‘ra o‘zining dolzarbligini yo‘qotgan va boshqa hujjatlardagi qoidalarni takrorlagan hujjatlarni harakatdan to‘xtatish haqida Kengash qarori imzolandi.

Shuningdek, Kengash yig‘ilishi doirasida Hamkor davlatlarning hududlaridagi xavfsizlik va qonun ustuvorligini ta'minlash hamda boshqa dolzarb masalalar yuzasidan ham hamkorlik muhokama qilindi.

Armaniston Respublikasi Politsiyasi boshlig‘i Valeriy Osipyanning taklifiga asosan, Kengashning navbatdagi yig‘ilishi 2020 yilda Yerevan shahrida o‘tkazilishiga qaror qilindi.

Top