19:20 / 01.06.2019
11098

Ohangaronda pardozbop g‘isht ishlab chiqariluvchi korxona qurildi

Davlat rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi arafasida Ohangaron tumanida «Building innovation» korxonasi qurib bitkazildi.

Korxonaga Germaniya, Avstriya, Gretsiya, Ispaniya va Yaponiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. 

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, korxona yiliga 112 million donadan ziyod pardozbop g‘isht ishlab chiqarish, 3 million dollarlik eksport qilish quvvatiga ega. Energiya tejaydigan uskunalar qo‘llanilgani, xomashyo tumanning o‘zidan olinishi tufayli mahsulot narxi nisbatan arzon bo‘ladi. 250 nafar aholi ish bilan ta'minlanadi.

Korxona mahsulot hajmi va sifati bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilikka da'vogarlik qilmoqda. Keyingi bosqichda keramik bloklar, panellar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 

Prezidentimiz korxona quvvatlari, mahsulot namunalarini ko‘zdan kechirdi. Korxona rahbariga qurilish materiallari turlarini ko‘paytirish yuzasidan tavsiyalar berdi.

Shu yerda Toshkent viloyatida qurilish va to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish, charmni qayta ishlashga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Rossiyaning «Yevrosement grup» xoldingi bilan hamkorlikda Ohangaron sement zavodida amalga oshiriladigan loyiha shulardan biri. Qiymati 160 million dollarlik mazkur loyiha yiliga 17 million dollarlik mahsulot ekport qilish, 200 ta ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Top