10:00 / 03.06.2019
38337

Prezident Quyi Chirchiq tumani hokimini ishdan oldi

Toshkent viloyati hokimligida Prezident raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishi davomida Quyi Chirchiq tumani hokimi Sobir Murodov lavozimidan ozod etildi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi mahsulot Respublikadagi o‘rtacha darajadan past bo‘lgani uchun Prezident topshirig‘iga ko‘ra, Quyi Chirchiq tumani hokimi vazifasidan ozod etildi», deyiladi xabarda.

Prezident viloyatning boshqa tumanlaridagi ahvolni ham tanqid qilgan.

«Quyi Chirchiq, Bekobod, Ohangaron, Bo‘ka...

Aholi yashash sharoiti respublikaga nisbatan 3 baravar kam. Viloyatda 121 ming kishi ishsiz, 117 ming kishi xorijda - ishlagani ketgan, 137 ming yosh iqtisodiy og‘ir ahvolda.
117 ming kishi - xorijda. Shular bizdan rozimi? Onasi har kuni bolasini duo qilmagani uchun bizdan rozimi?

Nuroniylar gapirmaydi. «Bag‘rikengmiz, bag‘rikengmiz...» gapiringlar. Achchiq-achchiq qilib gapiringlar...», degan prezident.

Sobir Murodov 2018 yilning fevralida Botir Rahimov o‘rniga Quyi Chirchiq tumani hokimi lavozimida ish boshlagandi. Botir Rahimov esa 2017 aprelidan tumanga rahbarlik qilgandi.

Endi tumanga kim yangi hokim bo‘lishi hozircha ma'lum emas.

Top