15:38 / 04.06.2019
16146

O‘zbekistonga pomidor va bodring navlari ham chetdan kirib kelmoqda

Foto: KUN.UZ

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Oliy Majlis, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi mutasaddilari hamda deputatlar ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Urug‘chilikni rivojlantirish markazi direktori o‘rinbosari Rafiqjon Habiyev 2018 yil aprel oyiga qadar O‘zbekistonda paxta va g‘alladan boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarida urug‘chilik tizimi mavjud bo‘lmaganini bildirdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

Rafiqjon Habiyev:

«Shu paytgacha tadbirkorlar, ishbilarmonlar urug‘chilik bilan shug‘ullanib kelishardi. Prezidentimizning farmonlari bilan Urug‘chilikni rivojlantirish markazi tashkil etildi. Markaz hozirda nafaqat paxta, g‘alla, balki sabzavot, poliz, ozuqa ekinlari urug‘larini tizimli ravishda yetishtiradi. Nafaqat ichki, mahalliy bozorga, xorijiy davlatlarga ham eksport qilinmoqda.

Issiqxonalar uchun pomidor va bodring navlari asosan chetdan kirib kelyapti. Lekin o‘zimizda ham urug‘chilikning mahalliy seleksiya ishlari yo‘lga qo‘yilgan. 

Davlat soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda barcha hujjatlarni ko‘tarib o‘rganganimizda O‘zbekistonga oxirgi uch yilda chetdan 140 tonna urug‘ kirib kelgani ma'lum bo‘ldi.

Biroq bu butun dunyoda mavjud amaliyot, hech qaysi davlat 100 foiz o‘zi urug‘ ishlab chiqarmaydi, almashish jarayoni bo‘ladi.

Bozorlarimizda urug‘larning sifati pastligiga nazoratning va sohaga mas'ul vakolatli tashkilotning yo‘qligi sabab bo‘lgan. Ilgari istagan odam urug‘ yetishtiraverardi, uning sifati uchun kafolat bermasdi. Tadbirkor shu urug‘ni olib, bozorchiga berardi, sotuvchi esa uni sotaverardi.

«Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonunga asosan, Agroinspeksiyaga respublikamizda urug‘ yetishtiruvchi, sotuvchi kim va qanday tashkilot bo‘lsa, barchasini nazorat qilish vakolati berildi».

Top