08:00 / 06.06.2019
43846

Millatlar ligasida ham VAR xatosi. Ammo Ronaldu barchasini to‘g‘riladi

Foto: Jan Kruger/Getty Images

UYeFA Millatlar ligasigning birinchi yarimfinali Portugaliya va Shveytsariya o‘rtasida kechdi. Portudagi «Dragau» stadionida kechgan uchrashuvda maydon egalari 3:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.

O‘yinda hisobni portugaliyaliklar sardori Krishtianu Ronaldu ochdi. 34 yoshli futbolchi 25-daqiqada jarima zarbasidan unumli foydalandi.

O‘yinning 52-daqiqasida Fabian Sher Bernardu Silvaga qo‘pollik ishlatgani uchun Feliks Brix 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, ammo mehmonlar videotakrordan foydalanishni talab qila boshlashdi. Hakam ekran qarshisiga bordi va penalti belgiladi... Portugaliya darvozasiga. Ma'lum bo‘lishicha, muhokamadagi foldan avvalroq boshqa fol ro‘y bergan - Portugaliya jarima maydonida. Hakam Nelson Semedu Stiven Tsuberga qarshi qo‘pollik qilgan deb topdi. Uzoq tortishuvlardan keyin 57-daqiqada Rikardo Rodriges Ruy Patrisiuni dog‘da qoldirib, hisobni tenglashtirdi. 

Vaziyat shunchalik chigal bo‘lgani uchun, stadion tablosidagi yozuvlar uchun mas'ullar g‘alati qarorga kelishdi. «Kimgadir penalti», –  ekranda shunday yozuv paydo bo‘ldi. 

Foto: Jan Kruger/Getty Images 

Muxlislar esa ijtimoiy tarmoqlarda epizod muhokamasiga kirishishdi. Ko‘pchilik Semedu va Tsuber o‘rtasidagi kontakt minimal darajada bo‘lgani va bu vaziyat penaltiga tortmasligini aytishdi: «VAR – bu kulgili. Uni futboldan  yo‘qotish kerak. Kimdir menga mantiqni tushuntirsin, hakam nega bir vaziyat takrorini ko‘rish uchun borib, yakunda boshqa vaziyatni ko‘rib qaror chiqardi. Bu shunchaki noto‘g‘ri». 

«Portugaliya penalti ishladi, hakam penalti belgiladi va keyin videotakrorni ko‘rish uchun borib, Shveytsariyaga avvalgi fol uchun penalti berdi. Aqlsizlik. Odamlar esa VAR futboldan dramatizmni o‘g‘irlayotganini ko‘rib turishibdi», deyiladi yana bir izohda. 

Hakamning VAR orqali qarori o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin edi, ammo Krishtianu Ronaldu katta sahnaga chiqdi va oxirgi daqiqalarda het-trigini rasmiylashtirdi. U o‘z ishini qildi va Portugaliyani Millatlar Ligasi finaliga olib chiqib, UYeFAni katta mojarodan qutqarib qoldi.

UYeFA Millatlar ligasi
1/2 final
Portugaliya – Shveytsariya 3:1 (1:0, 2:1)
Gollar: 1:0 – 25 Ronaldu, 1:1 – 57, penalti Rodriges, 2:1 – 88 Ronaldu, 3:1 – 90 Ronaldu.
Portugaliya – Ruy Patrisiu, Pepe (Fonte, 63), Gerreyru, Nelson Semedu, Diash, Ruben Nevesh, Vilyam Karvalyu, Bernardu Silva, Brunu Fernandesh (Moutinyu, 90), Joau Feliks (Gedesh, 70), Ronaldu.
Shveytsariya – Zommer, Sher, Rodriges, Mbabu, Akanji, Chaka, Froyler (Drmich, 89), Tsuber (Shteffen, 83), Zakariya (Fernandesh, 71), Shakiri, Seferovich.
Ogohlantirishlar: Chaka (66), Sher (68), Shakiri (85).

Mavzuga oid
Top