14:30 / 06.06.2019
27033

Toshkentda 15 kishi ovqatdan zaharlandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi holatni alohida nazoratga oldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 4 iyun kuni Toshkent shahrida qayd etilgan ovqatdan zaharlanish holati bo‘yicha ma'lumot berdi.

«Joriy yil 4 iyun kuni soat 17:00dan 6 iyun soat 12:00ga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligining Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga 11 nafar, shahar 5-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 3 nafar va 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1 nafar bemor ko‘ngil aynishi, qayt qilish, bosh og‘rishi, umumiy holsizlanish, ich ketishi, oshqozon sohasida og‘riq, tana harorati ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan murojaat qilgan. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, «Ovqat toksikoinfeksiyasi» birlamchi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bemorlardan 3 nafarining ahvoli og‘ir, qolganlariniki o‘rtacha og‘irlikda.

Shifoxonada bemorlardan laboratoriya tahlillari uchun tegishli barcha namunalar olinib, malakali shifokorlar tomonidan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Dori-darmon zaxiralari yetarli darajada.

Mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshiruv natijasida quyidagilar aniqlandi:

Bemorlarning 11 nafari kasalliklarini Sergeli tumani, Yangi Qo‘yliq ko‘chasi, 7-b uyda joylashgan, 4 nafari Sergeli tumani Sergeli-8 mavzesida joylashgan «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchalarida tayyorlangan tovuqli sendvichni iste'mol qilganliklari bilan bog‘lashmoqda.

«GRAND AZIA PLUS» MChJga qarashli «Oqtepa lavash» umumiy ovqatlanish shoxobchasida qisqa muddatli tekshiruv o‘tkazish uchun O‘zbekiston Republikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub'yektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili nomiga Toshkent shahar DSENM tomonidan 2019 yil 6 iyundagi 07-11/4388-sonli ma'lumotnoma ko‘rib chiqish va xulosa olish uchun berildi.

Poytaxtimizda yuz bergan ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Vazirlik tomonidan yuzaga kelgan epidemik vaziyat joyiga chiqib o‘rganilib, bemorlarga va mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatilmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limining Kun.uz’ga bergan xabarida.

Top