09:10 / 07.06.2019
17733

Samarqandda odamlar yashab turgan uylar avariya holatiga kelib qoldi: qurilishlar aholini ko‘chirmay boshlangan

Samarqand shahridagi Shohrux ko‘chasi 56-uyda yashovchi fuqaro Kun.uz tahririyatiga murojaat qildi.

«2012 yildan beri shu ko‘chadagi uyda yashab kelamiz. 2016 yil bizni ko‘chirmasdan, shundoqqina tepamizdan qurilish boshlanib ketdi. Avval uylarimizning bir tomonidan, keyin narigi tomonidan o‘ra kavlab tashlashdi. Hech qancha vaqt o‘tmasdan uyimiz yorilib avariya holatiga kelib qoldi. Shahar hokimligiga ham, viloyat hokimligiga ham murojaat qildim. Foydasi bo‘lmadi. Quruvchi esa «ertaga, indinga» qabilida vaqtni cho‘zib kelmoqda», — deydi uy sohibi.

Murojaatni o‘rganish uchun borganimizda mana shu manzaraga duch keldik: 

Aholi yashayotgan uyning kirish eshigi oldiga vagon qo‘yilib, qurilishlar boshlab yuborilgan. Uylar avariya holatiga kelib qolgani aftidan hech kimni qiziqtirmagan. Aks-holda, bunday ayanchli joyda bir yildan beri aholi yashab kelmagan bo‘lardi.

Dastlab fuqaroning murojaatlariga Samarqand shahar hokimligidan quyidagi mazmunda xat kelgan: «Fuqaro tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan muammolarni bartaraf etish va uy-joyi o‘rniga shaharning boshqa uy-joy bilan ta'minlashga «Jahon kafolat stil» XK o‘rtasida o‘zaro kelishuvga kelishilganini ma'lum qilamiz».

Biroq ana shu kelishuv amalga oshmagan, «Jahon kafolat stil» XK fuqaroni aldab kelmoqda, fuqaroning keyingi murojaatlari ijobiy yechim topmagan. Endi esa hammasi o‘z holiga tashlab qo‘yilmoqda.

«Jahon kafolat stil» XK vakili bilan muloqotimiz qisqacha bo‘ldi: «Mening uy qurish bo‘yicha qarorim hokimlik tomonidan bekor qilingan. Hokimlik avval mening qarorimni tiklab bersin, shunda men uyini olaman, agar bermasa menga nima keragi bor?..»

Savol: Agar quruvchining qarori tiklanmasa odamlar toki uyi yiqilgancha yashayveradimi? Bu yerda yashayotgan oddiy odamlarda nima ayb? Xudo ko‘rsatmasin, ertaga bu yerda yashayotganlarni oilasi bilan uy bosib qolsa, bolalar va ayollarga bir narsa bo‘lsa, kim javob beradi?

Samarqand shahar hokimligidan fuqaroga yuborilgan javob xatida quyidagi jumla bor: «Jahon kafolat stil» XKga Shohrux va Husayn Boyqaro ko‘chalarida joylashgan mavjud turarjoy binolarini ko‘chirish hisobidan ko‘p qavatli turar joy binosi qurishga ruxsat berilgan».

Ana shunday bo‘lgani holda aholi ko‘chirilmasdan, qurilish boshlab yuborilgani kimning aybi?

Samarqand shahar hokimligining qurilish bo‘yicha mutasaddilaridan holatga izoh so‘radik. Hokimlik ma'lumotiga ko‘ra, qoida bo‘yicha qurilish korxonasi avval aholining qurilish osti maydonidagi uylarini sotib olib, ko‘chirib, keyin qurilishni boshlashi kerak edi. Ayni vaqtda bu uylarda yashayotgan aholi xonadonlari ham qurilish osti maydoniga kiradi.

Ma'lum bo‘ldiki, quruvchi hamon shu ishni qilmagan va ruxsatnomasi bekor bo‘lgani uchun endi ham aholini ko‘chirmoqchi emas. Bu uylarda yashovchilar esa hamon najot kutmoqda. Ularga kim yordam beradi?

Anvar MUSTAFOQULOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top