08:56 / 08.06.2019
9684

O‘zbekiston Yaponiyaga qo‘shimcha 28 turdagi meva-sabzavot eksporti bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto: Flickr / Ken Flottman

Yaponiya tomoni O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlarining qo‘shimcha 28 turini eksport qilish imkonini berish bo‘yicha ruxsatnomasini tasdiqladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mahsulotlar orasida xurmo, tarvuz, malina, anjir, yer yong‘oq, bodom, grek yong‘og‘i (tashqi po‘stlog‘isiz), loviya, mosh, kunjut, kovrak, jiyda, kabachki, aysberg salati, ukrop, kashnich, petrushka, selderey, rayhon, rukkola, yalpiz, latuk, yashil piyoz, piyoz, sabzi, karam, qovoq va rediska bor. Ushbu mahsulotlar karantin nazoratidan o‘tkazilishi va zarur hollarda zararsizlantirish (fumigatsiyalash) lozim bo‘ladi.

Bildirilishicha, avval 26 ta meva-sabzavot va poliz mahsuloti (qovun, uzum, anor, limon, sarimsoq piyoz, lavlagi, bodring, qulupnay, xandon pista, shu bilan birga, quritilgan meva-sabzavotlar: o‘rik, mayiz, olxo‘ri, qovun, olcha, gilos, olma, shaftoli, nok, achchiq qalampir, piyoz, sabzi, kartoshka, bulg‘or qalampiri, no‘xat, kovrak, quritilgan ko‘katlar)ni eksport qilishga fitosanitar ruxsati olingan edi.

Shuningdek, delegatsiya a'zolari Yaponiya Fumigatsiya texnologiyasi assotsiatsiyasida meva-sabzavot mahsulotlarini zararsizlantirish (fumigatsiyalash) bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadida uchrashuv o‘tkazdi.

Tashrif doirasida delegatsiya a'zolari fitosanitariya sohasidagi Yaponiya tajribasi, ya'ni logistika markazlari, aeroportda va karantin laboratoriyasida karantin yuklarining fitosanitariya talablari asosida tekshirish usullari hamda ekinlarning karantin nazoratidan o‘tkazish tartiblari bilan yaqindan tanishdilar.

Bundan tashqari, uchrashuvda tomonlar ikki mamlakatning o‘simliklar karantini bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Yaponiyaning JICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan faol hamkorlik qilish yuzasidan ham kelishuvga erishdilar.

Shu bilan birga, Yaponiya tomoni gilos, achchiq qalampir, olma, shaftoli va olxo‘rini istisno tariqasida O‘zbekistondan eksport qilishga ruxsat berish masalasini tezlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyor ekanliklarini bildirdi, deyiladi inspeksiya xabarida.

Top