16:32 / 10.06.2019
10361

Firibgar ayol beshinchi marotaba qonuniy jazoga tortildi

Foto: Sergey Yurev / AiF

Poytaxtimizning Shayxontohur tumanida yashagan Nazira Tolipova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) universitetda xorijiy tillardan saboq berish barobarida turizm sohasida tarjimon-ekskursovod vazifasida ishlab, yaxshigina obro‘-e'tibor qozongandi.

Topish-tutishi ham yomon emasdi, ammo topganiga qa­noat qilmaslik uni jinoyat ko‘chasiga yetakladi.

Pirovardida jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudining 2014 yil 11 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (pora berishga dalolat qilish), jinoyat­ ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumani sudining 2015 yil 12 noyabrdagi hukmiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "a"-bandi (ko‘p miq­dorda firibgarlik) bilan aybdor deb topilib, qonuniy jazoga tortildi.

Lekin oradan bir yil o‘tib, u yana avvalgidek ko‘p miqdorda firibgarlik va pora berishga dalolat qi­lish jinoyatlarini sodir etdi.

Oqi­batda jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 2017 yil 15 yanvardagi hukmiga binoan qonuniy jazo tayinlanib, N. Tolipova am­nis­tiya aktiga asosan jazodan ozod qilinadi. Biroq Nazira yana o‘sha jinoyatini takrorlaydi.

Shunga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudining 2017 yil 12 dekabrdagi hukmi bilan bu gal ayol 3 yil muddatga ta'lim tizimida ishlash hu­qu­qi­dan hamda 5 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. 

Buni qarangki, ozodlikdan mahrum etilishidan oldin Nazira Tolipovaning 2015 yilda sodir etgan xuddi shunday jinoyati uchun ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan ekan. Tergov va sud jarayonida ma'lum bo‘lishicha, N. Tolipova 2015 yil oktabr oyida tanishi Manzura Miraliyeva bilan uchrashib qoladi. Hol-ahvol so‘rashgach, u Manzurani o‘zining firib to‘riga ilintirishga urinadi.

— O‘g‘limning ro‘zg‘ori tinch­mas. Shu­ning uchun kelinim meros talab qilmasidan oldin uylarimni sotib yubormoqchiman, — deydi u. — Har holda begonaga ketmasin, kvartiralarimni bir ko‘rsangiz-chi?!

Darhaqiqat, Naziraning Shayxontohur tumanidagi mahallalardan birida joylashgan 16-uydagi 44 va 45-xonadoni yashash uchun juda qulay edi. Shu bois M. Miraliyeva ko‘p o‘ylanib o‘tirmasdan xonadonlarga xaridor bo‘ladi. Ya'­ni ikkala xonadon uchun N. Tolipovaga avval 300 million so‘m, keyinchalik yana 100 million so‘m beradi. Ammo Nazira xonadonlarni Manzuraning nomiga rasmiylashtirib berishni paysalga solib yuraveradi. Qolaversa, u M. Miraliyevaga turli vaj-karsonlarni aytishdan charchamaydi.

Shu tariqa oradan ikki yarim yilcha vaqt o‘tadi. Manzura Naziraning oldidan o‘tish uchun yuqorida tilga olingan 15-xonadonga boradi. Lekin eshikni butunlay begona ki­shi ochadi.

— Naziraxon bormilar?, — deb so‘­raydi M. Miraliyeva.

— Men u ayolni tanimayman. Bu uy­ni yaqinda Zilola ismli ayoldan sotib oldik, — deya javob beradi xonadonning yangi sohibi.

Bu gapni eshitib, Manzuraning hushi boshidan uchadi. U Nazira o‘zini laqillatib kelganini anglab yetadi va o‘sha kuniyoq uni qidirib topadi.

— Uydagi odam ijarachi. Pulingizni bir oy ichida qaytaraman, — deydi N. Tolipova va haqiqatan ham, Manzuradan 400 million so‘m pul olgani va pulni bir oy muddatda qay­tarib berishi haqida tilxat yozib beradi.

Biroq Nazira shundan so‘ng ham aldab yuraveradi. Binobarin, toqati-toq bo‘lgan Manzura unga qonuniy chora ko‘­rish va pulini undirib berishni so‘­rab, huquqni muhofaza qiluvchi ido­raga murojaat qiladi. Oqibatda N. Tolipovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi "a"-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Mug‘ombirlikni qarangki, firibgar tergov jarayonida ham, sud majlisida ham aybiga iqror bo‘lmadi.

— To‘rt yuz million so‘m o‘sha paytda o‘ttiz besh ming dollarga teng edi. Men bu pulni qarzga olganman. Albatta, qaytaraman, — deya u o‘g‘li va tanishi Durdona Zohidovaning guvohligida o‘zini oqlashga urindi.

Ammo boshqa guvohlarning ko‘rsatmalari va tergov jarayonida yig‘ilgan dalillar uning vajlarini inkor qildi.

Jinoyat kodeksining 59-moddasiga binoan, agar ish bo‘yicha hukm chiqarilganidan so‘ng mahkumning ana shu ish bo‘yicha chiqarilgan hukmga qa­dar sodir etilgan yana boshqa ji­noyat­da aybli ekanligi aniqlansa ham, jazo o‘sha tartibda tayinlanadi. Bunday holda jinoyatlar majmui bo‘yicha sud tomonidan tayinlangan jazo muddatiga birinchi hukm yuzasidan jazoning o‘talgan qismi qo‘shib hisoblanadi. Shu bo­is sud jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudining 2017 yil 12 dekabrdagi hukmi bilan tayinlangan jazoni ham qo‘shib, Nazira Tolipovaga 3 yil muddatga oliy, o‘rta-maxsus va xalq ta'limi muassasalarida ishlash hamda 5 yi­lu 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sanjar MAXAMeTOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha
Mirobod tumani sudining sudyasi.

Mavzuga oid
Top