10:00 / 10.06.2019
14492

Qozog‘istondagi saylovlarga qarshi namoyishlarda 500ga yaqin kishi qo‘lga olindi

Foto: AFP

Qozog‘istonda yakshanba kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi. Mamlakatning amaldagi rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev ekzitpol natijalariga ko‘ra 70 foiz atrofida ovoz to‘plagan. Namoyishchilarning e'tirozlariga ko‘ra, muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari adolatsiz, uning natijalari esa oldindan ma'lum bo‘lgan.

«Bi-bi-si» muxbiri ushbu saylovda birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning odami bo‘lgan To‘qayev g‘alaba qozonishiga hech kimda shubha bo‘lmagani haqida aytib o‘tgan.

Qozog‘iston IIV rahbarining birinchi o‘rinbosari Marat Kojayev tomonidan ma'lumot berilishicha, saylov kuni Nur-Sulton va Olma Otada bo‘lib o‘tgan ruxsatsiz namoyishlarda qariyb 500 kishi qo‘lga olindi.

«Ko‘chalarda ruxsatsiz namoyishlar o‘tkazish yo‘li bilan vaziyatni beqarorlashtirishga urinishlar bo‘lib o‘tdi. Politsiyaga 500 nafarga yaqin kishi olib kelindi», — degan u.

Vazir o‘rinbosari qo‘lga olinganlar orasida «faol ishtirokchilar, tashviqotchilar va ushbu g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni o‘tkazishda faol qatnashganlar» borligini qayd etib o‘tgan.

U Nur-Sulton va Olmaotadagi mitinglar «saylov arafasida mamlakatda hokimiyatni obro‘sizlantirish bo‘yicha ommaviy tashviqot olib borgan Qozog‘istonda ro‘yxatga olinmagan va taqiqlangan ekstremistik tashkilotlar» da'vati bilan bo‘lib o‘tganini ham ta'kidlagan.

Namoyishchilar saylovlar adolatsiz va demokratiyaga zid o‘tgani, uning natijalari oldindan ma'lum bo‘lganini iddao etishmoqda.

9 iyun kuni Qozog‘istonda hisob bo‘yicha oltinchi prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. Saylovda davomat 77,4 foizni tashkil etdi.

Taqqoslash uchun, 2015 yildagi muddatdan avvalgi Qozog‘iston prezidentliga saylovda davomat 95,22 foizga teng bo‘lgandi.

Hukumatdagi «Nur Otan» partiyasidan nomzodi ilgari surilgan Qosim-Jo‘mart To‘qayevdan tashqari, yana 6 kishi - Jambil Axmetbekov (3,86 foiz), Daniya Yespayeva (5,32 foiz), Amirjan Kosanov (15,39 foiz), Toleutay Raximbekov (3,03 foiz), (Amangeldi Taspixov - 1,41 foiz) va Sadibek Tugel (0,86 foiz) prezidentlikka nomzodini ilgari surgandi.

Top