20:34 / 11.06.2019
7496

Xabarovskda politsiyachiga tajovuz qilgan o‘zbekistonlik jazolandi

Foto: MVD RF

Rossiyaning Xabarovsk shahri tuman sudlaridan biri hokimiyat vakiliga xizmat vazifalarini bajarishi vaqtida zo‘ravonlik qilish ishi bo‘yicha O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jazo hukmi chiqardi. Bu haqda “Xabarovskiy kray segodnya” axborot agentligi xabar berdi. 

Sudlanuvchi 30 yoshli o‘zbekistonlik Beknazarov ismli shaxs bo‘lib, u 2018 yil oktyabrida politsiyachining oyog‘ini tishlab olgan. Sud ayblanuvchini 1 yil 6 oylik muddatga manzil-koloniyaga jo‘natdi. 

Voqea ikki erkak va bir ayol politsiyachidan iborat naryad ko‘chalarni patrullash vaqtida Aerodromniy ko‘chasidagi uydan chiqqan shubhali shaxsga e'tibor qaratganda yuz bergan.

Tuman prokurori yordamchisining ta'kidlashicha, politsiyachilar erkakdan hujjatlarni ko‘rsatishni so‘rashganda, u rad javobini bergan va yashirinishga uringan. Shunda politsiyachilar uni ushlash uchun chora ko‘rishgan. Erkakning qo‘llariga kishan solinganda vaziyatga keyinchalik aniqlanishicha uning akasi bo‘lgan boshqa erkak aralashishga uringan. U ayol politsiyachini itarib yuborgan va boshqa politsiyachiga tashlangan.

Politsiyachi erkakni oyog‘i bilan chalib yerga ag‘dargan. Sudlanuvchi esa taslim bo‘lishini aytib, o‘rnidan turib olish uchun politsiyachidan qo‘l uzatishni so‘ragan va shu vaqt ayyorlik ishlatib, politsiyachining sonidan tishlab olgan. Keyinroq aniqlanishicha, O‘zbekiston fuqarolari Rossiyada qonuniy ravishda bo‘lishgan va hech qanday jinoiy sxemalarga aralashishmagan. Tergov davomida o‘zbekistonlik aybini to‘liq, sudda esa qisman tan olgan.  

Mavzuga oid
Top