17:50 / 12.06.2019
9478

«Chernobil» seriali namoyishidan so‘ng Chernobilga keluvchi sayyohlar soni ko‘paymoqda

Foto: AP Photo / Efrem Lukatsky

Amerikaning «Chernobil» seriali namoyishidan so‘ng sayyohlar Chernobilning Belarusdagi qismiga ko‘proq qiziqa boshladi. Bu haqda Polessk radiatsion-ekologik qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari Maksim Kudin ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mart oyida ushbu hududda yetti kishi bo‘lgan, aprelda tashrif buyuruvchilar soni 64taga yetgan. Kudinning aytishicha, iyun-iyul oylari uchun sayohat jadvali allaqachon tuzib bo‘lingan.

«Oyiga o‘ntadan guruh bo‘ladi», — dedi u.

Turoperatorlarga Polessk qo‘riqxonasi bo‘ylab sayohat uyushtirish huquqini beruvchi qonun 2018 yil noyabrda imzolangan. Bu yerga asosan Polsha, Niderlandiya va sobiq sovet davlatlaridan sayyohlar keladi. Bitta guruh uchun ekskursiya narxi 160 dollardan 350 dollargachani tashkil etadi.

Polessk radiatsion-ekologik qo‘riqxonasi 1988 yilda radiobiologik va ekologik tadqiqotlar o‘tkazish uchun tashkil etilgan. Uning hududida 96ta tashlandiq aholi maskani joylashgan.

Besh qismdan iborat «Chernobil» serialining birinchi qismi 6 mayda namoyish etildi. Serial 1986 yil 26 aprelda yuz bergan Chernobil AESi halokati haqida hikoya qiladi.

Top