11:30 / 12.06.2019
83824

O‘zbekistondagi 6ta shahar va bitta shaharcha respublika bo‘ysunuviga o‘tkazildi

Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq va Chirchiq shaharlari, Sirdaryo viloyatining Shirin shahri, Navoiy viloyatining  Zarafshon shahri va Surxondaryo viloyatining Sharg‘un shaharchasi respublika bo‘ysunuvidagi shahar va shaharchalari bo‘ldi. 

Bu haqda prezidentning 2019 yil 4 iyun kuni qabul qilingan «Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5738 sonli farmonida belgilangan.

«Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida 12ta shtat birligidan iborat Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘limi tashkil etildi.

Bo‘lim faoliyati Bosh vazir tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Bo‘lim Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq va Chirchiq shaharlari, Sirdaryo viloyatining Shirin shahri, Navoiy viloyatining  Zarafshon shahri va Surxondaryo viloyatining Sharg‘un shaharchasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni samarali hal etilishini ta'minlaydi.

Shuningdek, shaharlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini tubdan oshirish, innovatsion faoliyatni rivojlantirish, shaharlarni ishlab chiqarishga jalb etilmagan rezerv va imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, shaharlarda aholi daromadlari o‘sishini ta'minlash kabi vazifalar bo‘limning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar har chorakda Vazirlar Mahkamasi Rayosati yig‘ilishlarida ko‘rib chiqiladi», deyiladi Adliya vazirligining Telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalida berilgan xabarda.

Bundan avvalroq, Toshkent viloyatining 4ta hududiy birligi viloyatdan ajratib olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top