23:29 / 13.06.2019
10287

Binolarni sovituvchi yog‘och turi yaratildi

Foto: iStock

AQShning Merilend universitetidan Lyanbin Xu boshchiligidagi tadqiqotchilar jamoasi binolarni passiv, ya'ni elektr energiyasiz sovitishga mo‘ljallangan yog‘och turini yaratdi. 

Olimlar yog‘ochni oppoq rangdagi materialga aylantirishgan, u nafaqat nurni qaytaradi, balki issiqlikni tashqariga chiqarib, binoni sovitadi. 

Agar bunday material bilan tom va tashqi devorlar qoplansa, unda binodagi havoni sovitish uchun elektr iste'moli 20-60 foizga kamayar ekan.

Olimlarning ta'kiddlashicha, yangi yog‘och issiq va quruq havoda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi, chunki passiv issiq qaytargich vazifasini bajaradi.

“Biz oddiy yog‘ochni olib, uni o‘sishi yo‘nalishida arralab, unga jigarrang beruvchi pigment ligninini yo‘qotish uchun vodorod peroksidi aralashmasiga botiramiz”, deb aytgan tadqiqot mualliflaridan biri Tyan Li. Asosan sellyulozadan tashkil topadigan oqartirilgan yog‘och mustahkamligini tiklash uchun presslanadi. Bunday ishlangan yog‘ochlar tabiiy yog‘ochdan 8 marta mustahkamroq bo‘ladi. Uning ustiga, u mustahkamligi bo‘yicha po‘latdan ham oshadi. Shunday yo‘l bilan ishlov berilgan yog‘och yuklamani yaxshiroq ko‘taradi va uni tirnash qiyinroq bo‘ladi.

Muhandislar yangi material issiqni qaytarish nuqtai nazaridan qanchalik samarali ekanini o‘rganishgan. Arizona shtatining quruq issiq havosidagi sinovlar yangi yog‘och panellari kechasi havo haroratidan 9 daraja, kunduzi esa 4 daraja sovuqroqligini ko‘rsatgan. Bu esa quruq va issiq hududlarda havoni sovitish uchun qo‘llanadigan energiyaning yaxshi tejalishi hisoblanadi.  

Biroq yangi material bozorga chiqishga hali tayyor emas, chunki hali atmosfera ta'sirlaridan yaxshi himoyalanmagan. Muhandislar uni namga va ultrabinafsha nurlariga barqaror qiluvchi va chirishi oldini oluvchi modda izlashmoqda. Ular bu maqsadda turli aralashmalarni sinab ko‘rishgan, biroq ulardan qaysi biri yaxshiroqligi va ekologik tozaligi borasida bir to‘xtamga kelishmagan. 

Top