17:40 / 14.06.2019
14732

Reygan va Tetcherga maslahatchi bo‘lgan iqtisodchidan qimmatli saboqlar: Katta soliq yuki g‘aznani to‘ldirmaydi

13-14 iyun kunlari Toshkent shahrida VI «Markaziy Osiyo, Mo‘g‘uliston, Kavkaz va Afg‘oniston» mintaqaviy forumi ( CAMCA - qisqartma inglizchadan) bo‘lib o‘tdi. Forum mintaqada va uning tashqarisida nufuzga ega bo‘lgan turli soha vakillari, yosh yetakchilar va ilg‘or ekspertlar bilan KAMKA mintaqasida sodir bo‘layotgan jarayonlarni yaxshiroq tushunish uchun fikr almashish bo‘yicha noyob imkoniyatni taqdim etadi.

Toshkentda o‘tayotgan forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan doktor Artur Laffer davlat boshqaruvi sohasi mutaxassisi Aziza Umarova savollariga javob berib, soliq siyosati bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

 —  Haqiqatan, agar hukumat soliq stavkalarni pasaytirib, yukni kamaytirsa-yu, soliq bazasi kengaymay, budjetga tushum ko‘paymasa, nima bo‘ladi?

Tamakiga qo‘yilgan soliq, asosan, aholi salomatligini saqlashdan kelib chiqib, o‘rnatiladi. Xavfsiz yo‘llarni barpo etishda tezlikni oshirmaslik uchun jarima qo‘llanadi.

Lekin nega daromadi past bo‘lgan aholi katta miqdordagi soliqqa tortilishi kerak? Nega ish o‘rni yaratib, arzon va sifatli mahsulot ishlab chiqarayotgan kompaniya ko‘proq soliq to‘lashi kerak? Biz endilikda sifatsiz va qimmat mahsulot ishlab chiqarib, ish o‘rnini qisqartirishi uchun ularni soliqqa tortmaymiz.

Yuqorida aytganimdek, tamaki uchun qo‘yilgan soliq ham g‘aznani to‘ldirish uchun belgilanmagan, jarimalar budjetni to‘ldirmaydi. Korxonalarga katta soliq solib, tushum o‘sishini ham kutish mumkin emas.

Islom atoqli olimi Ibn Haldun o‘zining «Muqadimma» asarida shunday deydi:

 «Sulolalar tarixining avvalida soliq yuki kam bo‘lgan, g‘azna esa to‘lib toshgan. Hokimiyat inqirozga yuz tutgan davrga kelib, soliq yuki katta, g‘azna esa bo‘m-bo‘sh edi».

Rivojlanayotgan davlatlar rivojlangan davlatlar tajribasiga nazar tashlasin, uning bugungi kundagi amaliyotiga emas.

Soliq yuki kamaytirilishi soliq to‘lovchilar soni ortishiga olib keladi. Ya'ni daromad past inson ham soliq to‘lashga qurbi yetadi, soliq bazasi kengayadi, iqtisodiyotda faol bo‘lgan jamiyat a'zolari ko‘payadi. Stavkaning oshirilishi kutilmagan salbiy oqibatlarga sababchi bo‘ladi.

Masalan, kuchukni tepsangiz u qochib ketadi, qayerga ketishi esa noma'lum. Agar uni parvarish qilsangiz, endi kuchukning qayerda bo‘lishini albatta bilasiz. Katta soliq yuki ham bir narsadan mujda beradi: daromadlarni yashirish lozim. Jamiyat shu o‘y bilan ish boshlaydi va faoliyatini davom ettiradi.

—  Davlat tasarrufidagi korxona va ishlab chiqarish kompaniyalarini xususiylashtirish masalasiga nima deysiz? Uni amalga oshirishda yodda saqlash lozim bo‘lgan tanqidiy omil nimada? Shunday sharoitda budjetga tushum kamayib ketmasligi kafolati saqlanib qoladimi?

—  Davlat tasarrufidagi korxonalari haqiqatan  davlat tasarrufidagi sifatida nomiga munosib bo‘lishi kerak. Ular mudofaa, ta'lim, sog‘liqni saqlash kabi masalalarda faoliyat olib boruvchi birliklar bo‘lsa, biznes hukumat qaramog‘idan uzoqroqda bo‘lishi lozim. Hukumat o‘zi bilgan ishni yaxshiroq qilishiga imkoniyat bo‘lishi lozim. Odatda u biznes bilan shug‘ullanmaydi, temir yo‘llar, qishloq xo‘jaligi, aviakompaniyalar xususiy qo‘lga o‘tishi lozim. Ishoning, davlat biznesni samarali boshqara olmaydi. 

Misol uchun, Turkiya mamlakatda xususiylashtirish jarayonini ancha avval boshlagandi, 2008-2016 yillar oralig‘ida bu ishlar yanada jadal davom etdi. Ularning havo yo‘llar kompaniyasi faoliyatini tahlil etsangiz, davlat tasarrufidagi ancha-muncha kompaniyadan ko‘ra samarali va daromadli ekaniga amin bo‘lasiz. Menimcha, bular tushumlarning kamayib ketishiga sabab bo‘lmaydi.

Ma'lumot uchun, Artur Laffer AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan va Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Margaret Tetcher xonimga maslahatchi bo‘lgan. Uning nomi bilan ataluvchi Laffer effekti esa iqtisodiyotda soliqlarni kamaytirish orqali soliq tushumini ko‘paytirish holatiga nisbatan ishlatiladi. U «Jahon inflatsiya fenomenni» va «Soliqlardan qochishning iqtisodiy nazariyasi» kabi qimmatli asarlar muallifidir.

Top