15:23 / 15.06.2019
27637

Farg‘ona shahridagi antiqa «favvora». Undan kuniga minglab kubometr ichimlik suvi isrof bo‘lib oqayotgani haqida

Murojaatlarni o‘rganish asnosida juda qiziq holatlarga ham duch kelamiz. Farg‘ona shahrining qoq markazida sun'iy buloq ustidan chiqdik.

Avvaliga arznomadagi Istiqlol ko‘chasiga borib tanishgach, atrofda minglab kubometr suv qanday isrof bo‘layotganini tasavvur ham qila olmadik. Chunki, atrofda suv oqayotgan joy ko‘rinmas edi.

«Ko‘mma» qilingan katta kamchilik

Farg‘ona shahridagi «Madadkor» MFYning Istiqlol va Said Ahmad ko‘chalari kesishgan joyida bo‘lganimizda aholi vakillari shahar «Suvoqova» korxonasi xodimlari tomonidan turli tosh bo‘laklari va shiferlar bilan ko‘mib qo‘yilgan «suv bulog‘i»ni ko‘rsatishdi. Azaldan xalqimizda biror nojo‘ya narsani boshqalardan berkitish uchun ustiga nimadir yopib, ko‘mib qo‘yish, «ko‘mma qilish», deyiladi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Farg‘ona shahar suvchilari 7 yildan beri kuniga o‘n ming litrlab ichimlik suvi isrof bo‘layotgan kamchilikni ham shunday bekitmoqchi bo‘lishgan.

«Suv bulog‘i» ustidagi shifer va tosh bo‘laklarini ochishimiz bilan yoriqdan katta bosimdagi «favvora» «bosh ko‘tardi». Eh-he... Quvur yorig‘ining yarmini ham ochmasimizdan «favvora» balandligi besh metrga yetdi. Aholining aytishicha, yana ochilsa atrofni suv bosib ketar ekan.

Endi o‘sha yetti yil oldin paydo bo‘lgan va uzoq vaqtdan beri atrofdagi aholiga xavf solayotgan, eng achinarlisi tilloga teng ichimlik suvi isrof bo‘layotgan quvurdagi suv yorig‘i haqida ma'lumot bersak.

Istiqlol ko‘chasidan Farg‘ona shahrining «Tekstil» hududini ichimlik suvi bilan ta'minlash uchun shahar bosh suv inshootidan juda katta bosim ostidagi 500 diametrli quvur o‘tgan. Mana shu ko‘chada istiqomat qiluvchi Murodjon Abdujabborovning aytishicha, bundan yetti yil oldin «Suvoqova» xodimlarining aybi bilan quvurda kichik yoriq paydo bo‘ladi. Yoriq asta-sekin kattalashib, undan daqiqasiga yuzlab kubometr ichimlik suvi oqib uvol bo‘layotgani juda-juda achinarli. «Suvoqova» xodimlari yoriqni butunlay berkitish o‘rniga o‘sha joyga pona qoqib, yetti yilni o‘tkazishgan. Ikki-uch kundan so‘ng, pona sekin siljib chiqib ketar ekan suv oqimi yoriqni kattalashtirib boradi. Doim katta miqdorda oqib turuvchi suv oqimi kanalizatsiya tizimi tomonga burib qo‘yilgan ayni paytda minglab kubometr suv befoyda oqib ko‘chaning cho‘kishiga, atrofdagi xonadonlar zaxlab ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Aholi vakillari bu masala bo‘yicha murojaat qilinmagan tashkilot qolmaganini aytishdi. Ularning barcha arzlari besamar ketibdi. «Hokimlik, prokuratura, Respublika idoralariga ariza yozganimizdan keyin «Suvoqova» keladi, pona qoqib qaytib ketadi. Uch kundan keyin yana shu ahvol», deydi Murodjon Abdujabborov. 

Shu yerdagi aholi vakillari bilan suhbatlashib turganimizda «Madadkor» MFY mutaxassisi Gulnora Ubaydulleva yetib keldi. Mutasaddi mazkur muammo borasida shahar «Suvoqova» korxonasiga juda ko‘p aytilgani, biroq befoyda bo‘layotganini bildirdi.

Istiqlol ko‘chasida yashovchilar suvning juda katta bosimda chiqqan paytida olingan videolavhalarni bizga havola qilishdi.

Suvchilar kelishdi

Bu orada, shahar «Suvoqova» bosh muhandisi Murodiljon Egamberdiyev va ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Isomiddin Hasanov keldi. Mutasaddilardan holat bo‘yicha izoh so‘radik va ulardan doimgidek «vaziyatdan chiqish» uchun aytiladigan javoblar yig‘indisini tingladik.

«Ko‘rib turgan joyimizdagi tarmoq muddatini o‘tagani sababli ishdan chiqqan. Bu kamchilikni hal qilish uchun shaharning yarmini ichimlik suvi tarmog‘idan uzib turishga to‘g‘ri keladi. Ayni kunlarda ishchi guruhi tuzib, kamchilikni bartaraf etishga reja qilib turibmiz. Fuqarolarni ogohlantirishni boshlaganmiz. Uzog‘i o‘n kunda quvurni almashtiramiz», deydi «Suvoqova» rahbarlari.

Aholi yetti yil kutibdi, o‘n kun ham kutar... Lekin, muammo hal bo‘larmikin?

Aholi vakillari «Suvoqova» xodimlarining ta'mirga kelishganida birorta ish qurolisiz kelishini, ularning hatto oddiy uskunalar bilan ta'minlanmagani, o‘tgan asrdagi payvandlash asboblari bilan «qurollanishgani»ni aytishdi.

«Buyoqda innovatsion loyihalarga zo‘r berilyapti, «Suvoqova» esa avariya holatida yog‘ochdan pona qoqadi. Ertasiga suv yana urib chiqib ketadi», deydi fuqarolar.

Mutasaddilar bu ma'lumotlarni rad etishdi.

Xulosa

Qiziq holat. Viloyatda, boshqa yuzlab mahallalarda ichimlik suvi muammosi bor. Farg‘ona shahrida esa bebaho boylik kanalizatsiyaga oqib yotibdi. Atrofdagi aholi yerning cho‘kishi, zaxlashi oqibatida, do‘konlari, hatto uylarini sotib ko‘chib ketmoqchi. Mutasaddilar esa yetti yildan beri bu holatga ko‘z yumib kelmoqda.

Axir suvning uvoli bor-ku?!

Uydagi ichimlik suviga bir oy pul to‘lamasak, MIB xodimlari kelib to‘latishadi. Nahotki, kuniga yuz minglab so‘mlik ichimlik suvi chiqindiga aralashib ketayotganidan MIB, hokimlik va boshqa huquq-tartibot idoralarining xabarlari yo‘q?

Mahalla ahli bizga shunday deyishdi: «Siz muammoni o‘rgangani kelgan birinchi jurnalist emassiz. «Farg‘ona kattalari» baribir chora ko‘rmaydi. Ovora bo‘lmang!».

Biz ularga, masalani hal etish uchun Kun.uz minbaridan turib, viloyat hokimligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligigacha murojaat qilishimizni aytdik.

Hurmatli hokimlik vakillari va soha rahbarlari! Farg‘ona shahar Istiqlol ko‘chasida eng bebaho ne'mat bo‘lgan ichimlik suvi juda katta miqdorda isrof bo‘lib kanalizatsiyaga oqib yotibdi va aholiga xavf tug‘dirmoqda. Umid qilamizki, mazkur maqoladan so‘ng mavjud kamchilik hal etiladi.

 

Elmurod Ermatov, Farg‘ona
Kun.uz muxbiri
tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top