17:18 / 15.06.2019
54874

HRW: Vakilimiz Toshkentda salbiy signallarni his etmoqda 

Foto: Videodan kadr

Human Righs Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Stiv Sverdlov Toshkent shahrida bloger Sardor Komilov tomonidan kutilmagan tarzda so‘roqqa tutildi.

Tashkilot tarqatgan bayonotda ta'kidlanishicha, 13 iyun kuni Stiv qo‘nim topgan mehmonxonada bloger Sardor Komilov va uning sheriklari inson huquqlari sohasida faoliyat olib boruvchi mutaxassis Sverdlovni turli savollar bilan qistovga olishgan. 

Sardor Komilov
Foto: hrw.org

«Sardor va uning 4 nafar sherigi mehmonxona xodimiga o‘zini Stivning tanishlari sifatida ko‘rsatib, uning xona raqamiga qo‘ng‘iroq qilishgan. Sardor o‘zini huquqlari buzilgan tadbirkor sifatida tanishtirib, Stiv bilan uchrashmoqchiligini iltimos qilgan. Sverdlov mehmonlar bilan uchrashishga chiqqanda, uni har tomonlama o‘rab olishgan va jismoniy harakatlanishiga imkoniyat qoldirilmagan. Kutilmagan vaziyatda Stivni har tomondan tasvirga olish boshlangan», — deyiladi bayonotda. 

Ta'kidlanishicha, bloger Sverdlovni O‘zbekistonni tark etishga da'vat etgan. Tashkilot ijrochi direktori Kennet Rot inson huquqlarini buzayotgan O‘zbekistondagi amaldorlarga nisbatan olib borayotgan Stivning surishtiruvlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirib, ayni holatga oshkora hujum sifatida qaragan. 

«Bu ochiq-oydin Stivni qo‘rqitishga bo‘lgan harakat, O‘zbekistonda inson huquqi faollari va tashkilotlarining faoliyatini obro‘sizlantirish uchun olib borilayotgan onlayn kampaniyaning bir qismi hisoblanadi», — deydi u. 

Ma'lum qilinishicha, HRW mazkur holatni fuqarolik jamiyatiga jiddiy signal sifatida qabul qiladi. Hukumat esa so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlashi, bu ishlarni amalga oshirishda bir guruh shaxslarning xavfsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratishi lozimligi ta'kidlanadi.

Sverdlovning bloger tomonidan so‘roqqa tutilishi holati Sayyod.com YouTube-kanalida joylashtirilgan. Unda Sardor Komilov mehmonxona hollida Stiv Sverdloni ta'qib qilishi va unga HRW faoliyati hamda Sverdlovning akkreditatsiyasi bo‘yicha savollar berishini ko‘rish mumkin.

Videoda Komilovga operatordan tashqari mikrofon va fotokamera tutgan ikki qiz ham hamrohlik qilgan. Sverdlov undan tashrif qog‘ozini so‘raganida u blogerligini va unga tashrif qog‘ozi shart emasligini aytgan.

Komilov huquq himoyachisiga O‘zbekiston haqida xato ma'lumotlar tarqatmaslikni tavsiya qilgan va O‘zbekistonga kelib xato qilganini aytgan, uning familiyasi nega ruschaligini so‘rab, hamiyatiga tekkan.

Bu video ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda va foydalanuvchilarning aksari Sardor Komilovning xatti-harakatlarini qoralamoqda.

Ma'lumot uchun, o‘z vaqtida sud qarori bilan O‘zbekistonda faoliyati tugatilgan tashkilot bilan aloqalar 2017 yili yana iliqlasha boshladi. Uning vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishi va rasmiy/norasmiy shaxslar bilan muloqotda bo‘lishi erkin qilib qo‘yildi. Stiv Sverdlov bilan yuz bergan hodisa so‘nggi ikki yil ichida birinchi marta ko‘zga tashlanmoqda.

Top