11:10 / 15.06.2019
56183

Tarixiy haqiqat izidan – Oq saroyni Abdullaxon vayron etganmidi?

Sohibqiron Amir Temur yurish qilgan mamlakatlarida ham qurilish va obodonchilik ishlarini olib borgani bizga ma'lum. Boshqa yurtlardan olimu hunarmandlarni Movarounnahrga olib kelib, o‘z yurtida ilm fan, me'morchilik va hunarmandchilik yuksak darajaga ko‘tarilishiga sababchi bo‘ldi. Hattoki bugungi kunda ham Amir Temur va temuriylar davrida qurilgan obidalar dunyoning turli chekkalaridan kelgan sayyohlarni o‘ziga rom etib kelmoqda.

Bugun biz ham aynan Sohibqironning buyrug‘i bilan ona yurti Shahrisabzda qurilgan Oq saroy qarorgohi tarixi haqida fikrlashmoqchimiz. Bizga bu masalada Shahrisabzdagi Amir Temur nomli moddiy-madaniyat tarixi muzeyi ilmiy xodimi Jasurbek Ahmedov yaqindan ko‘mak berdi. Ayrim fakt va ma'lumotlarda Poyon Ravshanovning «Oq saroy tarixi» kitobidan foydalanildi.

Albatta, maftunkor Oq saroyning qurilishi haqida tarixiy manbalardan, jumladan, Zahiriddin Bobur va Klavixo Gonsalesning asarlari orqali ishonchli ma'lumotlar va go‘zal ta'riflarga egamiz. Amir Temur me'morchilik sohasining yuksak namunasi sifatida qurdirgan imoratlari ichida Oq saroy eng balandi, go‘zal va salobatlisi bo‘lib, balandligi 70 metrdan ortiq bo‘lgani, 1380-1405 yillar davomida qurilgani ham obidaning me'moriy jihatdan naqadar mukammaligini bildiradi.

Istiqlolga 28 yil to‘layotgan bir davr oralig‘ida olib borilayotgan davlatimiz islohotlari, ayniqsa, tariximizga bo‘lgan munosabat, madaniy merosni asrab avaylash hamda turizmni rivojlantirishi borasidagi ishlar, albatta, barchamizni quvontiradi. Xalqimizning bunga ijobiy munosabatini sayyohlar misolida ham ko‘rishimiz mumkin. Shunday bo‘lsada, afsuski, ba'zi fuqarolarimiz ongida sobiq sho‘ro davrida noxolis yozilgan risolalardagi fikrlarga ojizona ergashishni ko‘ramiz. Bulardan biri Shahrisabzdagi Oq saroy majmuasining buzilishi haqida ham ana shunday noaniqliklarni kuzatamiz. Shu sababdan biz Oq saroyning qurilishi, hashamati haqida emas qurilgandan keyingi o‘tmishning suronli davrlarida qanday vayronagarchiliklarga uchragani haqida to‘xtalmoqchi bo‘ldik. Zero, bu urinishimiz «dengizdan bir tomchi» bo‘lsada, tariximizni xolisona o‘rganish uchun ko‘proq kitob o‘qishga undab, birgina manbani o‘qib, biryoqlama fikr bildirishdan qochishga yordam beradi, deb umid qilamiz.

Xo‘sh, Oq saroy qanday qilib vayron etilgandi? Temuriylar davrida Shahrisabz ham Samarqand singari temuriyzodalarning to‘qnashuvlariga guvoh bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, Ulug‘bek Mirzo (1409 y) taxtga o‘tirishi bilan bobosining ishlari davomchisi sifatida Shahrisabzda Ko‘k gumbaz singari imoratlar bino qildi. Shahrisabz va Oq saroy temuriylar uchun shonli yoki qiyinchilik davrlarida ham Samarqandga, ya'ni poytaxtga yaqin boshpana bo‘ldi.

XVI asrning oxirlarida ikki sulola - temuriylar va shayboniylarning to‘qnashuvida, albatta, boshqa davrlarda bo‘lganidek shaharlardagi imoratlar ham zarar ko‘radi. Lekin Abdullaxonning (1533-1598) Shahrisabzdagi obidalarni, jumladan, Oq saroyni vayron qilgan deyish to‘g‘ri bo‘lmas. Bunga javoban tarixiy manbalar guvohligini keltiramiz.

Abdullaxonning hukmronlik yillarining ko‘p qismi shayboniyzodalarning o‘zaro kurashlarini daf qilish, davlatni mustahkamlash yo‘lidagi harakatlardan iborat bo‘ldi. 1552 yil Abdullaxon Shahrisabzni shayboniyzoda Hoshim Sultondan tortib olib, ukasi Ibodullo Sultonni Shahrisabz hokimi qilib tayinlaydi. 1553 yil Toshkentdan kelgan Navro‘z Ahmadxon yordamida Hoshim Sulton yana Shahrisabzni egallaydi. 1563 yil Hoshim Sultonni daf qilish uchun Abdullaxon ikkinchi bor Shahrisabzga yurish boshlaydi. Bu galgi fathdan so‘ng Abdullaxon Shahrisabzni o‘z yaqinlaridan Xusrav Sultonga beradi va unga qarata «haqiqat bilan hukmronlik qil, kuchli va kuchsizni adolat sitamida barobar tut, hamisha jabr-u zulm bayrog‘ini sindir», degan gaplari Hofiz Tanish ibn Mir Muhammad Buxoriyning «Abdullanoma» asarida keltiriladi.

1567 yilning dekabrida Samarqand hokimi Abulxayr Sulton Shahrisabzni egallab oladi. Hofiz Tanish Buxoriyning hikoya qilishicha, Abulxayr Sulton qal'aga kirib olgan vaqtda bir guruh navkarlari Abdullaxonga «xandoq suvidan suzib o‘tib, qal'aning burj va devorlarini yiqitamiz», deganda Abdullaxon bunga rozi bo‘lmaydi va «Umid shulki, oqibatni o‘ylamovchilar oxiri o‘z qilganlaridan pushaymon bo‘ladilar», deydi. Yana ushbu asarga ko‘ra, 1568 yil Samarqanddan kelgan shayboniyzodalar Gadoyxon, Abulxayr Sulton, Xudoyberdi Sulton Abdullaxon va u qo‘ygan hokim Xusrav Sultonga qarshi otlanadi. Ushbu janglarda Xusrav Sulton halok bo‘ladi va bir muddat Shahrisabz qo‘ldan chiqadi. 1569 yil Abdullaxon Shahrisabzni qaytarish uchun otlanadi va Faqir Sultonni chekinishga majbur qiladi. Muarrix bu haqda «Ul hazrat, Shahrisabz tomon yuzlandi. Qal'a atrofiga qo‘ngandan so‘ng, uning buzilgan qal'asini tuzatishga buyurdi», deb yozadi.

Yuqoridagi fikrlardan xulosa qilsak ham Abdullaxon buzuvchi emas, aksincha, tiklovchi, bunyodkor inson bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin. Shahrisabz qal'a devorining buzilishi Abulxayr sultonning talonchiligi natijasida bo‘lib, Oq saroyning esa ayrim joylari, sirli koshinlari ko‘chgani ehtimol.

Lekin nima uchun bu ishlar Abdullaxonga nisbat berildi, degan savolga kelsak, bizningcha Amir Temur singari «sohibqiron» deb atalgan, o‘z davrining va qolaversa shayboniy hukmdorlar ichida ham yetuk siyosatdon, lashkarboshi, ma'rifatli, bunyodkor shaxsi Abdullaxonni qoralash va uning xaqiqiy siyratini xalqdan to‘sishga intilish bo‘lgani, bu orqali barchamiz bilgan o‘zligimizni anglashdan sobiq sho‘ro hukumatining qanchalik qo‘rqqanini ko‘rishimiz mumkin.

Lekin Oq saroy shunchalik mustahkamligidan unga o‘sha davr qurollari bilan katta talafot yetkazish ham qiyin bo‘lgan. Buni keyinchalik kimlar amalga oshirganini bilish uchun yana manbalarga yuzlanamiz.

Ashtarxoniylar davrida Oq saroy Shahrisabz kenagas beklari uchun ham qarorgoh vazifasini o‘tab keldi. Buxoro taxti mang‘it amirlari qo‘liga o‘tgach Shahrisabz va Kitob beklarining mustaqillikka intilishi Amir Haydar, Amir Nasrullo va Amir Muzaffar davrida bekliklarga qo‘shin tortishiga sabab bo‘ladi. Bunday o‘zaro urushlar shahar devorlariga, imoratlariga bezarar bo‘lgan deb bo‘lmaydi, albatta.

Liya Mankovskaya tarixiy ma'lumotlarga tayanib yozishicha, 1707 yil Oqsaroy peshtoqi tagida Buxoro xoni Ubaydullaxonning toj kiyib, taxtga o‘tirgani haqidagi ma'lumot peshtoqning hali butunligidan dalolat beradi.

Muhammad Hakimxon To‘raning «Muntaxab at tavorix» asarida 1840 yil Doniyol otaliq vafotidan so‘ng, Oq saroy imorati ostida Xo‘jaqulibiy parvonachi Shahrisabz amiri mansabiga o‘tqazilgani yoziladi. Shunga ko‘ra, Rossiya imperiyasining tajovuzi Buxoro xonligi chegaralariga qadar kelguncha, Oq saroy Shahrisabz kenagas beklarining ma'muriy-boshqaruv binosi sifatida qad ko‘tarib turgan, deyishimiz mumkin bo‘ladi.

Muarrix Abdulazim Somiy rus qo‘shinlarining Shahrisabz va Kitob bekliklariga hujumini 1873 yil deb ko‘rsatsa, Rossiya imperiyasi harbiylarining hujjatlarida 1870 yil kuzida bo‘lgani qayd etiladi. Shahrisabz va Kitob bekliklarini bosib olishda «jonbozlik» ko‘rsatgan vayronkor general-mayor Abramov edi. Abramov 1870 yil 31 avgustda yozgan 591-raqamli raportida shaharni qirg‘inbarot qilgani haqida aytmasdan «Aholi shahardan 3 chaqirimcha berida meni non-tuz bilan qarshi oldi», deb xaspo‘shlashga urinsa-da, D.N.Logofet «rus qurolining kuchi va ko‘lob bo‘lib to‘kilgan rus qoni evaziga olingan Shahrisabz va Kitobdek ulkan bekliklar Buxoro amiriga berildi», deya general yashirganini oshkor qilib qo‘yadi. N.A.Mayevning 1875 yilda bosilgan «Buxoro xonligi ocherki» asarida «Temurning hashamatli Oq saroyi Buxoroning shu davrdagi hamma imoratlarida kuzatilganidek, xarobalardan iboratdir. Shunga qaramasdan, bu vayrona hozir ham o‘zining benazir go‘zalligi bilan rom etadi. Janubiy tarafdan gumbaz qoldiqlari yaqqol bilinib turadi, vaqtida imorat bezagi bo‘lgan bu gumbaz hozirda nuragan bo‘lib, undan koshinlar va yozuvlar bilan bezatilgan ikki baland devor saqlanib qolgan».

Bu so‘zlardan bilinib turibdiki, Oq saroy chinakamiga tashqi ta'sir bo‘lmasa, xaroba bo‘ladigan imorat emasdi. Buning ustiga oradan 50 yil o‘tib 1920 yil 24 dekabrida sovet tuzumiga qarshi umumxalq qo‘zg‘olnini bostirish vaqtida Benbin degan kimsa tomonidan Oqsaroy to‘pga tutilgani aytiladi. Oqsaroy sovetlar davrida 74 yil davomida qarovsiz qolgan.

Nihoyat istiqlol shamolining esishi, bizgacha nasib etib saqlangan Oqsaroy peshtoqlarini qaddini ko‘tarib, bugungi kunda sayrgoh deb atalayotgan maydonning (82 ga) ko‘rkiga aylantirdi.

Tarixiy manbalar asosida Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

Top