10:00 / 18.06.2019
28111

«Besh qo‘l barobar emas». Bosh prokuratura tergovda qiynoqlarga yo‘l qo‘yish holatlari uchrashi haqida ma'lumot berdi

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekistonda 2017 yildan buyon qiynoqlar va boshqa noinsoniy yoki qadr-qiymatni yerga uruvchi muomala shakllarini qo‘llagan 41 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev dushanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifing vaqtida ma'lum qildi.

«Besh qo‘l barobar emas. Afsuski, mas'uliyatli lavozimlarda o‘tirgan barcha xodimlarni ham farishtalar deb aytolmayman. Ana shunday savodsiz yoki vijdonsizlarning aybi bilan haligacha tergov ostidagi shaxslarni qiynoqqa solish holatlari hamon uchrayotgani — juda xunuk holatdir.

Lekin bu jarayon bundan 10 yil oldingi, bundan 15 yil oldingi jarayon kabi emas. Tizimli yondashuv bor. Hozirgi kunda qiynoqlar va noqonuniy tergov usullari haqidagi xabarlar albatta nazoratga olinadi, maxsus tekshiruvlar o‘tkaziladi, xabar tasdiqlangan holatda qat'iy choralar ko‘riladi.

O‘zbekiston bu masalada o‘zining pozitsiyasini qat'iy va keskin tarzda belgilab olgan. Qiynoqqa solish va boshqa shu kabi noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etgani uchun 2017 yilda 27 nafar, 2018 yilda 7 nafar va 2019 yilning 5 oyida 7 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Ular sud qilingan, jazoning muqarrarligi prinsipi ta'minlangan. Ular tergovchi, tezkor vakil va boshqa mansabdor shaxslar.

Har bitta qiynoqqa solish holati O‘zbekistonda favqulodda holat sifatida baholanadi, qonunchilikda bunday holatlarning oldini olish va jazo muqarrarligini ta'minlash uchun zarur barcha mexanizmlar yaratilgan», — deya bosh prokuror o‘rinbosari so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top