16:29 / 19.06.2019
5931

BMT dunyo bo‘yicha qochoqlar soni rekord ko‘rsatkichga yetganligini ma'lum qildi

Foto: Getty Images

2018 yilda butun dunyo bo‘yicha qochoqlar soni 70,8 mln kishiga yetdi, deyiladi BMTning qochoqlar ishi bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi hisobotida. 2017 yilda BMT qochoqlar soni 68,5 mln kishi ekanligini ma'lum qilgandi.

70,8 mln qochoq va yashash joyini tark etganlar — rekord ko‘rsatkich, deb izohlaydi BMT. Bu raqam 20 yil avvalgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir. BMTning qochoqlar ishi bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandining aytishicha, bu raqamlar qochoqlarning aniq sonini ifodalamaydi.

Masalan, tashkilot Venesuelaning boshpana berish uchun rasman murojaat qilgan fuqarolarinigina – yarim million kishini ro‘yxatga olgan, aslida iqtisodiy inqirozdan qutulish uchun mamlakatdan chiqib ketayotganlar soni ancha ko‘p. BMTning hisob-kitobiga ko‘ra, 2016 yildan buyon Venesuelani 3,3 mlnga yaqin kishi tark etgan. 

Umuman olganda, butun dunyodagi qochoqlarning uchdan ikki qismini (67%) besh davlat fuqarolari tashkil etadi: Suriya (6,7 mln), Afg‘oniston (2,7 mln), Janubiy Sudan (2,3 mln), Myanma (1,1 mln) va Somali (0,9 mln).

Tashkilotning bildirishicha, 2019 yilda urushlar va ta'qiblar sababli 13,6 mln kishi yashash joylarini tark etishga majbur bo‘ldi.  

Top