15:19 / 19.06.2019
20649

«Dunyo g‘amini tashlab ketding, bolajon». Xayriya aksiyalari o‘tkazilgan jajji Elbek vafot etdi

Bandalik har kimning taqdirida bor. Kishining mavqeyi, yoshi, kimligi ahamiyatsiz. Jonimiz Egasi, albatta, uni bir kun qaytarib oladi. Yodingizga bo‘lsa, saytimizda bir necha bor xayriya maqolalari bilan xasta bolajon Elbekka yordam berishga chaqirilgan edi. Jajji va chidamli bu bolakay, hali dunyo yuzini ko‘rishidan ko‘p o‘tmay kuchli azoblarni boshidan o‘tkazdi. Bir vaqtning o‘zida bir necha dard bilan uzoq muddat kurashdi. Oila a'zolarining sa'y-harakatlari va yaxshi insonlarning ko‘maklari bilan Turkiyaga davolanishga bordi.

«Bugun soat 04:00larga yaqin joni uzilibdi. Qo‘limizdan kelganicha harakat qildik. Baribir Allohning aytgani bo‘lar ekan. Bugun vatanga qaytish uchun yo‘lga chiqishga harakat qilamiz. Biz faqat buyrak almashtirish deb o‘ylagan ekanmiz. Yara paydo bo‘lganligi tufayli yuragining atrofini yiring egallagan ekan. Buni O‘zbekistonda bilishmadi. Turkiyaga kelganimizda avval yuragidagi yiringlarni olishimiz kerak deyishdi. Boshida ham tomiri yorilgan ekan. Jami bo‘lib 9 marta amaliyot bo‘ldi.

Yosh bolalarning buyragini almashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda kasalxona yo‘q ekan. Bizda bo‘yniga va oyog‘iga kateter qo‘yishgan edi. Turkiyalik shifokorlar ko‘rib bunday holatda ko‘chada yurish mumkin emasligini aytishdi. Bolaga o‘sha kateter orqali virus tushganligini aytishdi. O‘zbekistondagilar bu qo‘llaridan kelmasligini aytishdi. Biz o‘zimizda yaxshi bo‘lib, davolanib sog‘ayib ketadi, deb ishonibmiz. Bekor vaqt o‘tkazibmiz. Shu yerga (Turkiya -tahr.) tezroq olib kelganimizda, balki saqlab qolarmidik, deb ham o‘ylab qolamiz.

Shifokorlar qo‘lidan kelganini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuzimizga aytishdi. Buni ota-ona sifatida eshitish juda og‘ir bo‘ldi. Prezidentimizga, yosh bolalar nefrologiyasini rivojlantirishni iltimos qilib qolardik», – deydi marhumning otasi Dilshod Allaberganov.

Bunday mash'um xabarni eshitish, albatta, og‘ir. Uning ustiga hali hayot yuzini ko‘rgan murg‘ak go‘dak bolaning vafoti qalbimizga og‘ir botdi. Bir sohaning bizda rivojlanmaganligi sabab dardni o‘tkazib yubormoqda. Shuning ta'sirida ko‘plab xasta bolalar umri xazon bo‘lishi bo‘yicha holatlar afsuski tajribada ko‘plab uchramoqda.

Kun.uz tahririyati marhumning oila a'zolariga ta'ziya izhor etadi. Insoniylik xislatlari hech birimizni tark etmasin.

Mavzuga oid
Top