15:25 / 19.06.2019
7912

MIB: «Istalgan byuromizga kirsangiz, Navoiyning hikmatli jumlalariga duch kelasiz» 

Bugun, 19 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi xodimlari va jurnalistlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

MIB tizimidagi xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha berilgan savolga javob berib o‘tildi.

«Tuman yoki boshqa bo‘lim rahbarlari belgilangan attestatsiyadan o‘tayotgan vaqtda birinchi bo‘lib beradigan savolimiz «Siz qaysi badiiy kitobni o‘qigansiz?» mazmunida bo‘ladi.
Agar xodim ma'lum vaqt ichida birorta badiiy kitob o‘qimasa, berilgan savollarga javob bera olmasa, u imtihondan o‘tkazilmaydi. Boshqatdan tayyorlanishiga to‘g‘ri keladi.

Undan tashqari, vatanparvarlik ruhida yozilgan xalq og‘zaki ijodi namunalaridan savollar beramiz. Vatani uchun jon fido qilgan haqiqiy vatanparvar bo‘lgan jadidchilar hayotini o‘rganishga majbur qilamiz. Bizga vatanparvar xodimlar kerak. Ulardan vatanparvarlik ruhida ishlashni talab qilamiz.

O‘zbekistonning istalgan chekkasida joylashgan MIBga kirsangiz hazrat Alisher Navoiyning quyidagi jumlasiga duch kelasiz:

Kimki bir ko‘ngli buzuqni xotirin shod aylagay,
Oncha borkim Ka'ba vayron bo‘lsa obod aylagay.

Nima uchun bu hikmatni biz o‘sha yerga yozib qo‘ymoqdamiz. Xodimlarimiz doimiy ravishda xalq bilan ishlaydi. Bizga doim qiynalgan va yordamga muhtoj insonlar keladi. Ularning dardini eshitib yordam qilsak, shunchalik katta savobga ega chiqamiz, - deya MIB direktori o‘rinbosari Sodiqjon Berdialiyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid
Top