17:30 / 20.06.2019
9428

«Milliy tiklanish» partiyasi tavakkalchilikka asoslangan televizion ko‘rsatuvlar faoliyatini tanqid qildi

Foto: pravda.ru

Ommaviy axborot vositalariga oid qonunchilik ijrosi ustidan tizimli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada mutasaddi davlat idoralarining jamoatchilikning keskin e'tiroziga sabab bo‘layotgan saviyasi past, yengil-yelpi materiallarni e'lon qilishda ularning javobgarligini oshirish masalasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda muhokama etildi.

20 iyun kuni tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining ma'lum qilishicha, muhokamada tavakkalchillikka asoslangan telemahsulotlarni tayyorlashning huquqiy oqibatlari va javobgarlik masalalariga asosiy urg‘u berildi.

«O‘zbekistonda blogerlar jamiyati shakllanmoqda. To‘g‘ri so‘z va achchiq haqiqatni ayta oladigan blogerlar jamiyati paydo bo‘ldi. Jurnalistlar orasida ham turli masalalarda erkin fikrlab, tahliliy-tanqidiy maqola yozayotganlar ko‘paymoqda. Bizning partiya so‘z erkinligi va media makondagi ijobiy o‘zgarishlarni olqishlaydi. 

Shu bilan birga, yosh avlod tarbiyasiga bilvosita ta'sir etuvchi omillar, xususan ijtimoiy xavf darajasi yuqori bo‘lgan tahdidlardan himoyalanishimiz zaruriyati paydo bo‘lmoqda», — deydi partiya rahbari Alisher Qodirov. 

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiya a'zosi Akmal Umrzoqovga ko‘ra, kapital-shou xarakteridagi televizion ko‘rsatuvlar tarixi «Boriga baraka»dan boshlanmadi.

«Avval ma'lum to‘lov evaziga so‘z o‘yini va boshqotirmani yechib, yutuqqa erishish mumkin bo‘lgan, aslida tavakkalchilikka asoslangan TV shoular paydo bo‘ldi. Xalqning shu turdagi ko‘rsatuvlarga qiziqishi baland emasdi, ammo e'tiborsizlik tufayli kapital-shouning turli ko‘rinishlari ham paydo bo‘ldi», — deydi deputat Umrzoqov. 

Deputat qimor yo tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar O‘zbekistonda taqiqlangan bo‘lsa-da, o‘yinlarning gibrit ko‘rinishi TVda paydo bo‘layotganini ta'kidladi.

«Afsuski, bu o‘yinlarda ishtirok etish bo‘yicha ishlab chiqilgan norma mavjud emas. Uning ishtirokchisi esa 18 yoshga kirgan o‘spirin ham bo‘lishi mumkin», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Tadbirda ma'ruza qilgan «Madaniyat va Ma'rifat» telekanali direktori Farhod To‘rayev nodavlat-xususiy telekanallarda badiiy kengashning faoliyati sust olib borayotganiga ahamiyat berdi. U axborot yetkazib beruvchi sub'yektning iste'molchi oldidagi mas'uliyati haqida gapira turib, aynan MTRK tarkibiga kiruvchi kanalda «Kafil shou» ko‘rsatuvi efirga uzatilishini eslab o‘tmadi.

Tadbir yakuni bo‘yicha, fraksiya a'zolari ushbu masalada jamoatchilik fikrini kengroq o‘rganishi, agar ehtiyoj paydo bo‘lsa, qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqishini bildirishdi.

Top