20:22 / 22.06.2019
36786

«Zilzilami yoki yuk mashinasi?» Metro qurilishidan norozi choshtepaliklar

Zamonaviy ilg‘or davlatlarning belgilaridan biri bu rivojlangan transport tizimidir. Transport turlarining eng qulayi metro desak hech kim qarshilik qilmasa kerak. Lekin uning qurilishi qanday bo‘ladi? Uning qurilishidan hech kim aziyat chekmaydimi? Aholining rozi-rizochiligi bilan bo‘ladimi o‘zi? Aynan shunday masala bilan poytaxtimizning Sergeli tumanidan bir oila shikoyat bilan chiqdi.

Tumanning Choshtepa mahallasi, 177-uyda istiqomat qiluvchilar uchun bu metro qurilishi ancha qimmatga tushgan. Devorining yonidan o‘tib borayotgan yer usti metrosi ularning tinchini buzgan. Oilaning hadik va alam ichida aytganlarini keltirib o‘tamiz.

video: youtube

video: mover (Tas-IX)

«2016 yil 25 sentyabrda shahar hokimiyati vakillari 40 nafar bo‘lib kelishdi. Dam olish kuni edi. Uyimizda qurilish ishlari bo‘layotgan edi. Ular bizga qurilishni to‘xtatishimiz, ko‘chishimiz kerakligini aytishdi. Shu bilan hamma qurilishlarni to‘xtatdik. Metro qurilishi ishlari boshlanib ketdi. 130 tonnalik uskunasi bor. Yerga kirib kavlaydi. Ishlaganida yer silkinadi. Uyda quyonlarim bor. Ularga ovqat berish uchun borgan vaqtimda kran bilan katta toshni devorning oldiga tashladi. Ikkinchi qavat shunday oldimga qulab tushdi. Men bolalarni bosib qoldi deb o‘yladim. Shok holatiga tushib qoldim. Bolalar ortimdaligini ko‘rib o‘zimga keldim. Mahalla odamlari yugurib kelishdi. Metro qurayotganlarning esa umuman ishi bo‘lmadi. Hokim kelib aytib ketganiga 2 yildan oshdi. 3 oydan keyin ko‘chasizlar, keyin yana 3 oydan so‘ng ko‘chasizlar deyishadi. Sentabr kelsa 3 yil bo‘ladi. Hech qanday yangilik yo‘q. Qurilishlarimiz o‘sha joyida qolib ketdi. Ichlari yorilib yotibdi.

Prokuratura, hokimliklardan javoblar kelgan. Chora ko‘rishlarini aytishgan. Hech chora ko‘rilmaydi. Ochig‘i agar uylarimizda qimirlash bo‘lsa, biz farqlay olmaymiz. Bu zilzilami yoki metro qurilishidagi katta mashinalar o‘tyaptimi? Bilmay qolamiz», deydi Shoira Qo‘shaqova.

Uy egalari bilan gaplashib turgan vaqtimizda aholi murojaatlarini o‘rganishimiz vaqtida bo‘lib turuvchi odatiy hol yana qaytarildi. Murojaatlari javobsiz qolayotgan bir guruh qo‘shnilar biz kelganimizni eshitib, atrofimizni «o‘rab» olishdi. Birma-bir o‘z dardlarini ayta ketishdi. Ulardan misollar keltiramiz.

«Bor-yo‘g‘i 5 xonadonmiz. Bizning uylarni buzib kerakli ishlarni qilishsa bo‘ldi. Yo‘l ochiladi. Ularga ham oson bo‘ladi, bizga ham. Hozircha aniq gap yo‘q. Aniq qilib «qolasizlar» yoki «buziladi» degan gap yo‘q. Buzsa buzvorsin, buzmasa anig‘ini aytsin. Uy ichiga kirib o‘tirish uchun ham ta'mirlashim kerak, pul sarflashim kerak. Pul sarflaganimdan so‘ng, shart kelib uyingni buzamiz deb mehnatimni bir tiyin qilsa menga alam qiladi», deydi Go‘zal Rahimbayeva.

«Bu uyda endi remontini chala qilishgan vaqtda kelishib remontini to‘xtatishni aytishgan. Uylari avariyaviy holatda. Devorlari qulab ketdi. Biz pensiyadagi odam bo‘lsak, bir kun mazamiz bo‘lsa bir kun bo‘lmaydi. Aniq gapni bilmay biror ishni qilmay o‘tiribmiz» deydi Muhabbat Hoshimova.

«Bir oyda hal qilib beramiz deyishganiga ikki oy bo‘lyapti. Hali darak yo‘q. Yaqinda yomg‘ir yog‘ganda hamma suv ichkariga kirdi. Ikki marta mashina urdi. Uyda yoriqlar bo‘lib ketdi. Qo‘yilgan ustunlardan 6 metr narida bizning uy. Texnika kamida 12 metr uzoqlikda bo‘lishi kerak ekan. Kechasi bilan ishlashadi. Vibratsiyasi kuchli. 2 yildan beri buzayotgan bo‘lsa, qatnayapmiz hokimiyatga. Hal qilishga va'dalar berishadi. Oxirgisida ham «sizlarni bir oy ichida ko‘chirib chiqaramiz, bu yerda turishinglar mumkin emas» deyishdi. Natija esa bir xil. Boshqa joyga ko‘chib o‘tishni hech kim xohlamaydi. Hovlida turishni hamma ham xohlaydi. Lekin texnika xavfsizligiga javob bermaydi», deydi Qudrat Nurmatov.

Uylarning oldiga borib, bor holatni ko‘rdik.

«Uyimiz oldidagi chuqurni 28 metr yer ichigacha kavlanadi. Balandligi 30-40 metr chiqadi. Mana uyimiz oldidan 6 metr chiqadi. Xavfsizlik texnikasi yo‘q, umuman. Ikki yildan beri shu yerda qurilish bo‘lyapti. Hamma ustunlar qo‘yilishi davomida tun-u kun ishlashmoqda. Hozir ishlashmayapti. Sutkada 1-2 soat ishlashmaydi. Qolgan vaqt kavlanganda chang-to‘zon. Shu ustunni kavlashni ancha vaqtdan beri aytamiz. Bolalarimiz ko‘p. Biror narsa tushib ketsa, hech kim javob bermaydi-ku», deydi murojaatchi.

Murojaatchilar bilan gaplashgandan so‘ng, uylarning atrofini o‘zimiz ham bir ko‘zdan kechirdik. Murojaat qilgan ayolning uyi tashqaridan qaraganda ham abgor holatda. Uylar erta-indin qulash arafasida turibdi.

Murojaatchilarning arzlarini tingladik. Endi tegishli davlat tashkilotlaridan izoh olishimiz kerak edi.

Dastlab, Sergeli tumani hokimligiga yo‘l oldik. Mutasaddilar bizga ishchi guruh sifatida yurgan Toshkent shahar munitsipal aktivlarni boshqarish markazi vakili Dilshod Hashimovni ko‘rsatishdi. Mas'ul shaxs bizga buzilish rejasiga kiritilgan joylarni ko‘rsatib o‘tdi.

«Rejadagi sariq liniya ichi metro uchun ochilishi nazarda tutilmoqda. Buning ichida hech narsa bo‘lmasligi kerak. Shtrixli ko‘k liniya o‘rnida avtobus bekati tushadi. Viloyatdan kelgan avtobuslar shu yerga kelib joylashadi. Buning yonida metro stansiyasi tushmoqda. Bu buzilishlar qachon bo‘lishi hozircha noma'lum. Ikki qavatli uylardan ikkitasini buzdik. Hozir yana ikkitasini buzmoqchimiz. Balki shundan so‘ng bu uylarni buzishga tusharmiz. Hududdagilar ogohlantirib bo‘lingan. Qachon buzilishidan emas, umuman buzilishga tushgani haqida xabarlari bor. Har bir fuqaroga aytib chiqilgan. Buzilish vaqtini men ham ayta olmayman. Ularning uylarini buzish ikkinchi bosqichda bo‘ladi. Hozir birinchi bosqichda ish olib borilmoqda. Uyi buzilgan fuqarolarga Choshtepadagi yangi qurilgan uylardan berilmoqda. Ularga ham shu joydan berilar, balki», deydi mutaxassis.

U bu holatga faqat «yuqori»dan, rahbarlardan ruxsat bo‘lganidan keyin aniq javob bo‘lishini aytdi.

Balki, «yuqori»dagilar aholining yashab turgan boshpanalari bu ahvolda ekanligini bilishmas, balki ularga ko‘r-ko‘rona «doklad»lar qilinyaptimi bunisi bizga qorong‘i. Lekin aytish joizki, aholi har kuni hadikda yashamoqda. Uyim bosib qolmasmikin, ertalab turib farzandlarimni sog‘-omon ko‘rarmikinman, bu mavhumliklar tugarmikin degan savollar girdobida qolmoqda. Balki ushbu lavhalarni ko‘rib aniq javob bermayotgan rahbarlardan biror sado chiqib qolar? Minglab vatandoshlar ravnaqi uchun xizmat qiluvchi ushbu metro liniyalari deb bir necha xonadon vakillari ortiq aziyat chekib qolmasligiga umid qilamiz. O‘ylaymizki, yaqin vaqtlar ichida hukumat vakillaridan aniq javob beriladi. 

Bahodir Ahmedov

 

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top