23:22 / 23.06.2019
29178

Temir yo‘llari kassalarida «bilet yo‘q»mi?

Foto: KUN.UZ

Temir yo‘l kassalarida arzon turdagi o‘ringa chipta so‘ralsa, faqatgina qimmat klassga bilet qolganini aytishadi. Bu haqida «XXI asr» gazetasida chop etilgan «Ishonmasangiz, sinab ko‘ring...»  maqolasida bayon qilingan.

Maqoladagi murojaatchi Rahimjon Turdiyevning qayd etishicha, temir yo‘l kassalarida bilet olishda bir qancha muammolarga duch kelish mumkin. 

«Navoiy shahar temir yo‘llariga borib arzon bilet so‘rab ko‘ring. «Bizda faqat biznes klass qoldi», degan qisqagina javobni eshitasiz. Eng qizig‘i boshqa, haligi gapni eshitib, sekin saytga kirib, falon yo‘nalishdagi poyezdda hali 150ta chipta bor ekan, boshqasida 30ta, bering o‘shandan desangiz, o‘xshamagan bahona topolmay, oxiri istagingiz bir zumda bajo keltiriladi», ─ deb yozadi u.

Ma'lum qilinishicha, poyezd vagonlarida «provodnik» larning pul evaziga yaxshiroq vagonga o‘tkazish taklifini bildirishlari holatlari ham uchraydi. 

«Toshkent (shimoliy) temir yo‘l vokzalidagi kassirlarga «Iltimos, biz ikki kishimiz, yonma-yon joyga chipta bering», deng qani. Shu zahotiyoq kassir opalar qo‘rslik bilan «Menga kompyuterdan joylarning yonma-yonligi ko‘rinmaydi, aniqlolmayman», deb ikkita har xil o‘rindan chipta tutqazadi. Poyezd yura boshlagach esa yanada ajabtovur «savdo» ga guvoh bo‘lasiz: vagon kuzatuvchilari yoningizga kelib, 60 mingdan bersangiz, biznes klassga o‘tkazib qo‘yaman, deganini eshitib, yoqangizni ushlaysiz...» ─ deyiladi maqolada.

Ushbu masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz tahririyati jurnalistik surishtiruvini o‘tkazadi.

Top