17:45 / 25.06.2019
11860

O‘zbekiston bosh konsulxonasi xodimlari Novosibirskda o‘zbekistonlik uch nafar yosh bolani o‘ta achinarli turmush sharoitidan qutqardi

 O‘zbekiston Respublikasining Novosibirsk shahridagi bosh konsulxonasi xodimlari shahardagi Dzerjinsk tumani voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha inspeksiyasi inspektorlari bilan hamkorlikda uch nafar o‘zbekistonlik yosh bolakayni o‘ta achinarli turmush sharoitidan ozod qildi. 

Bolalarning otasi No‘'monjon Karimov Qashqadaryo viloyatidan bo‘lib, 2004 yil Novosibirsk shahriga ishlagani kelgan. Bir yildan so‘ng u Rossiyaga xotini Shahloni ham olib keladi. 2005-2011 yillar davomida ular uch farzandlik bo‘ladi.

Ma'lumotlarga qaraganda, yosh oilaning to‘ng‘ich farzandi uy sharoitida dunyoga kelgan, unga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi shahodatnoma olinmagan. Bolalarga tug‘ilgandan beri tibbiy yordam deyarli ko‘rsatilmagan, turli kasalliklarga qarshi emlanmagan.

N.Karimov tayinli ishga ega bo‘lmagani bois oila o‘ta nochor ahvolda, Rossiyada ishlashga va yashashga ruxsat beradigan hujjatlarsiz yashagan. Buning ustiga oila rahbari xotini va bolalarini tez-tez uradigan, ular bilan janjallashadigan odat chiqargan. Buning oqibatida, qo‘shnilarning ta'kidlashicha, Shahlo uydan bir necha marta qochib ketgan. So‘nggi marta u bolalarni eriga tashlab, O‘zbekistonga ketib qolgan.

Bosh konsulxona xodimlari harakati bilan bugungi kunda bolalar Novosibirsk shahridagi “Semya” oila va bolalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. 

Novosibirsk shahri migratsiya masalalari bo‘yicha boshqarmasi xodimi N.Karimov shaxsi tekshirib ko‘rilishi va u O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi mumkinligini ma'lum qildi.

Bosh konsulxona xodimlari Xalq ta'limi vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasining voyaga yetmagan fuqarolarini mamlakatimizga qaytarish va vasiy organlar ixtiyoriga topshirish masalasini ko‘rmoqda.

Mavzuga oid
Top