15:00 / 26.06.2019
7634

Eron turistlarni jalb etish uchun pasportga shtamp qo‘yishni bekor qildi

Foto: Shutterstock

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy mamlakatga kelgan xorij fuqarolarining pasportiga kirish-chiqish shtamplari qo‘yish tartibini bekor qilish to‘g‘risida farmon chiqardi. Bu haqda Tasnimnews agentligi xabar berdi.

Eron hukumati bu qaror mamlakatga Amerika vizasi olishda muammolarga duch kelishdan xavfsirayotgan turistlarni jalb etishga yordam berishini kutmoqda.

O‘tgan yili AQSh hukumati pasportida ayrim mamlakatlar, xususan Eronga borgani haqida qaydlar bo‘lgan sayyohlar viza olishda muammolarga duch kelishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

Endilikda chegarada vizaning chop etilgan nusxasini ko‘rsatish kifoya va mamlakatga kirish-chiqish shtampi viza nusxasiga bosiladi.

O‘tgan yilning noyabridan Eron 190 davlat fuqarolariga mamlakatda 30 kun bo‘lib turish hamda muddatni yana 15 kunga uzaytirish imkonini beruvchi elektron vizalar berishni boshlagan.

Nashrning ma'lumot berishicha, 2018 yilda Eronga 7,8 mln xorijiy turist kelgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan 50%ga ko‘pdir.

Top