14:58 / 27.06.2019
79475

Rashid Qodirov va boshqalarga sud hukmi o‘qildi. Otabek Murodov va Ixtiyor Abdullayev ishi esa davom etmoqda

2019 yil 26 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Yunusobod tuman sudi binosida O‘zbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov va boshqalarga oid (jami 13 nafar shaxs) jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi e'lon qilindi.

Sud hukmi bilan, 2000-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasining bosh prokurori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelgan Rashid Qodirov pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Video: Youtube

Video: Mover (tas-ix)

Qariyb olti oy davom etgan, O‘zbekiston Respublikasi JPK (jinoyat-protsessual kodeks) ning 19-moddasi, shuningdek «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi Qonuni talablariga muvofiq, yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, 200ga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun Rashid Qodirovga JK 50-moddasining 6-qismi tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va eng kam oylik ish haqining 500 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Rashid Qodirovni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qilgan.

Sudlanuvchilar aybli deb topilgan jinoyatlari oqibatida yetkazilgan moddiy zararlar, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida topshirilgan pul va xatlangan mol-mulklar hisobidan qoplanishi belgilandi. 

Shuningdek, sud tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 298-moddasiga asosan, jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish masalasida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokuroriga xususiy ajrim chiqarildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov 2018 yil fevralida qo‘lga olingan edi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165 (tovlamachilik), 205 (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 210 (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

Sud hukmi bilan, 2000-2015 yillarda prokuratura va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda katta lavozimlarda ishlagan Mirag‘lam Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Aziz Musashayxov, Ulug‘bek Xurramov, Yusuf G‘oipov, Abdurashid Mirzayev, Muhabbat Mirzayeva, fuqarolar S. Kosimov, A. Ikramov va X. Axmedjanov bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, bir guruh bo‘lib pora olish, pora berishga dalolat qilish, firibgarlik, soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, tergov qilishga va sud ishlarini hal etishga aralashish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topildi.

Yopiq tarzda o‘tkazilgan sud tergovi jarayonida barcha sudlanuvchilarning ko‘rsatuvlari birma-bir atroflicha tekshirildi, 200ga yaqin guvohlarning ko‘rsatuvlari tinglanib, ish bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza va xizmat tekshiruvlari xulosalari, shuningdek jinoyat ishida to‘plangan dalillar, ularning qonuniyligi va asosliligi nuqtai nazaridan taftish qilindi.

Sudning hukmi bilan aybli deb topilgan jinoyatlari uchun sobiq bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Sunnatov 19 yilga, DXX ning Toshkent shahar boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Abdurashid Mirzayev 15 yilga, Bosh prokuratura huzuridagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘ining sobiq o‘rinbosari Ulug‘bek Xurramov 14 yilga, Toshkent viloyatining sobiq prokurori Jamshid Fayziyev 13 yilga, Toshkent shahar prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurash boshqarmasining sobiq boshlig‘i Aziz Musashayxov 13 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. 

Ulug‘bek Sunnatov

Qolgan sudlanuvchilarga (Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mirag‘lam Mirzayev, uning rafiqasi, «Yunusobod advokatlar kollegiyasi»si sobiq rahbari Muhabbat Mirzayeva, Mirzayevning jiyani, MXX Toshkent viloyati boshqarmasi huzuridagi Terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘linmasi sobiq boshlig‘i Mansur Mirzayev, Toshkent viloyati prokurorining sobiq o‘rinbosari Yusuf G‘oipov, Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish boshqarmasining sobiq boshlig‘i Ramazon Po‘latov) ham qilgan qilmishlariga yarasha qonun doirasida jazolar tayinlanib, ularning barchasi qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bog‘liq bo‘lgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi.

Bundan tashqari, sud og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan Mirag‘lam Mirzayev, Abdurashid Mirzayev, Jamshid Fayziyev, Ulug‘bek Sunnatov, Ramazon Po‘latov, Yusuf G‘oipov va Ulug‘bek Xurramovni maxsus unvon va davlat mukofotlaridan mahrum qilish haqida taqdimnoma kiritishga qaror qildi.

Ma'lumot uchun, Jamshid Fayziyev o‘z vaqtida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning huquq-tartibot organlari va kuch ishlatar tizimlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi bo‘lgan. Muqaddam bosh prokuror o‘rinbosari bo‘lgan Fayziyev 2013 yil 19 martida shu lavozimga tayinlanib, 9 oy ishlagach, yil oxirida, 25 dekabrda Toshkent viloyati prokurorligiga o‘tkazilgandi.

Ulug‘bek Sunnatov 2014-2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori o‘rinbosari bo‘lgan, 2017 yil kuzida Toshkent viloyatiga Jamshid Fayziyev o‘rniga prokuror etib tayinlangan, ammo 2018 yil yanvarida ishdan ketgandi.

21 iyun kuni Oliy Majlis Senatining 20-yalpi majlisi vaqtida chiqish qilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari faoliyati to‘g‘risida gapirib o‘tgan edi.

Shavkat Mirziyoyev cobiq bosh prokurorlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida gapirar ekan, rahbarlardan «100 ming, 50 ming dollar» miqdorida pullar olingani haqida aytib o‘tgan edi.

«Bu nima degan gap? Mansab bersa, darrov o‘zgarib qoladi. Viloyat prokurorlaridan 100 ming, 50 ming dollarlab olinadi. Prokuratura va soliq tizimidagilarning hammasi poraxo‘r. Men buni yaxshi bilaman. Men Murodovga ishonch bildirgandim. Prokuraturada korrupsiya bo‘laveradigan bo‘lsa, men qanday qilib investorlarni jalb qilaman? Investor deputat yoki hukumat odamidan emas, tadbirkordan so‘raydi davlatdagi holat haqida. Tadbirkor nima deydi? Prokuror ham, vazir ham pul oladi deydi-da! Sobiq rahbarlarning hammasi, u Abdullayev bo‘ladimi boshqasimi, katta muddat bilan ketadi», deb ta'kidlagan edi Shavkat Mirziyoyev.

Otabek Murodov

Shuningdek, davlat rahbari agar shu ketishda bo‘lsa, prokuratura tizimi qisqartirilishini va ko‘plab vakolatlar Adliya vazirligiga berilishi haqida ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Otabek Murodov 2018 yilning yanvarida DXX rahbarligiga o‘tgan Ixtiyor Abdullayev o‘rniga bosh prokuror bo‘lgandi. 2019 yilning 20 iyunida u lavozimdan ozod etilib, uning o‘rniga Senat raisi Nig‘matulla Yo‘ldoshev yangi bosh prokuror etib tayinlandi.

Qayd etish kerakki, bu so‘nggi 4 yil davomida to‘rtinchi marta O‘zbekiston bosh prokurori o‘zgarishi bo‘ldi. 2000 yil fevralidan O‘zbekiston bosh prokurori bo‘lgan Rashid Qodirov 2015 yilning aprelida lavozimini tark etgan va uning o‘rnini Ixtiyor Abdullayev egallagandi. Abdullayev 2017 yil yanvarida Davlat xavfsizlik xizmati rahbari lavozimini egallagach, uning o‘rnida Otabek Murodov ish boshlagandi. Ayni vaqtda sobiq bosh prokuror - Ixtiyor Abdullayevga qarshi jinoiy ish ochilgan, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Top