18:45 / 27.06.2019
20031

Vazir: «Silikon vodiysidek «dang‘illama» texnologik markazlar hozircha bizga kerak emas»

Foto: Xalqaro press-klub

Hozircha O‘zbekistonga jahon miqyosidagi qimmatbaho ilmiy-texnologik platformalar zarur emas, buning o‘rniga mamlakatdagi oliy ta'lim muassasalarida texnoparklar tashkil etishga e'tibor qaratiladi.

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov 26 iyun kuni Xalqaro press-klub sessiyasida shu haqda gapirib o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«AQShda Silikon vodiysi bor. Yoki [Moskvada] Skolkovo texnoparki bor. Bu kabilar bizga ham kerakmi, degan savolni men ham ko‘p qo‘yganman. Bunday darajadagi katta «roskosh» [hashamat] bizga hozircha kerak emas. Albatta, kelajakda ularga ham kelamiz», – dedi vazir.

Abdurahmonovga ko‘ra, vazirlik ayni paytda OTMlar ichida texnoparklar yaratish yo‘lida ish olib bormoqda.

«Shuning uchun Milliy universitet bilan hamkorlikda NAPA texnoparkini ta'sis etamiz. Informatsion texnologiyalar sohasida bizda NAPA texnoparki bo‘ladi. Sentyabrgacha ishga tushira olmasak ham, asosini qo‘ydik.

Xorazmda Urganch davlat universiteti bilan Xorazm texnoparkini ishga tushiryapmiz. Maqsadimiz – universitetlarning ichida texnoparklar qurish», – dedi Ibrohim Abdurahmonov.

Innovatsion rivojlanish vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning uchta universitetida forsayt markazlari ish boshlash arafasida.

«Qarorlarimiz tayyor. Iqtisodiyot, texnika va milliy universitetlarida forsayt markazlari ochiladi», – dedi u.

Eslatib o‘tamiz, may oyida vazirlik «NAPA Team» bilan hamkorlikda Toshkent shahrida rezidentlarga maksimal darajada qulay sharoit yaratiladigan, texnologiyalar transferini amalga oshiruvchi loyihalar va kompaniyalar uchun maqbul maydon bo‘lib xizmat qiladigan NAPA texnoparkini ta'sis etish bo‘yicha investitsion loyihani ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.

NAPA texnoparkining yaratilishi axborot texnologiyalari sohasidagi mutaxassislar sonini ko‘paytirish orqali ilm-fan va ta'limning rivojlanishini rag‘batlantirilishiga ta'sir ko‘rsatadi, shuningdek axborot texnologiyalari sohasidagi yuqori malakali kadrlarning xorijga ketib qolishini to‘xtatib, AT sohasidagi yuqori texnologiyali mutaxassislarning mamlakatga kelishiga turtki beradi.

Mavzuga oid
Top