21:10 / 28.06.2019
9361

Prezident Yashnoboddagi bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini borib ko‘rdi

Yashnobod tumanida Janubiy Koreyaning Iqtisodiy rivojlantirish va hamkorlik fondi bilan birgalikda barpo etilayotgan ushbu markaz 4 qavatli 4ta blokdan iborat bo‘ladi. Unga 42 million dollarlikdan ziyod eng zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi. Bu bolalar kasalliklariga 100 foiz diagnostika qo‘yish va davolash imkonini beradi

Davlatimiz rahbari mazkur tibbiyot markazi qurilishini borib ko‘rdi.

- Diagnostika to‘g‘ri bo‘lmagani, shifokorlar malakasi yetishmagani tufayli bemor bolalar, ularning ota-onalari ko‘p qiynalardi, og‘irroq kasal bo‘lsa, sog‘ligi nuqsonli bo‘lib ham qolardi. Bu markazning eng muhim tomoni shundaki, u mamlakatimizdagi hamma muassasalar uchun bazaviy bo‘ladi. Telemeditsina orqali uzoq hududlarimizdagi bolalarga ham yordam ko‘rsatiladi, - dedi Prezident.
 
Shavkat Mirziyoyev kadrlar tayyorlash masalasiga katta e'tibor berish kerakligini ta'kidladi. Bu borada ham Janubiy Koreya bilan hamkorlik qilinmoqda. Pusan universitetida 19 nafar shifokor malaka oshirib keldi. Yana ko‘plab shifokor, hamshira va axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassislar malaka oshirishga yuboriladi.

Ushbu muassasa yonida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda kattalar uchun ham ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qurish rejalashtirilgan. 300 o‘ringa mo‘ljallangan bu shifoxonada kardioxirurgiya, neyroxirurgiya, endovaskulyar xirurgiya, angionevrologiya va ortopediya bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu yerda yiliga 8 mingdan ortiq yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish imkoniyati yaratiladi.

Mavzuga oid
Top