07:54 / 29.06.2019
55161

Nahotki Samarqandni boy berib qo‘ysak: Ko‘hna shahar qurilishlar tufayli YuNeSKO ro‘yxatidan tushib qolishi mumkin

Foto: KUN.UZ

«Madaniyatlar chorrahasi» sifatida YuNeSKOning butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy qismi bu ro‘yxatdan o‘chirilishi mumkin. Bu haqda joriy yilning 30 iyunidan 10 iyuligacha Ozarboyjon poytaxti Boku shahrida bo‘lib o‘tadigan Butunjahon merosi qo‘mitasining 43-sessiyasi arafasida tayyorlangan hisobotda qayd etilgan.

YuNeSKO qoshidagi Butunjahon merosi markazi, IKOMOS (ICOMOS — International Council on Monumens and Sites — yodgorliklar va diqqatga sazovor joylarni saqlash bo‘yicha xalqaro kengash, IKKROM (ICCROM — International Centre for the Study of the Preservation and Restoration of Cultural Property — madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markazi)

Shaharning tarixiy markazida barpo etilayotgan ko‘pqavatli yangi binolar madaniy qiymatga ega tarixiy binolarga zarar yetkazmoqda.

Shuningdek, 2022 yilda Samarqandda tashkillashtiriladigan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sessiyasi uchun barpo etiladigan yangi mehmonxonalarning joylashtirilishi, uning uchun maydonlar ajratilishi hanuz YuNeSKO bilan kelishilmagani qayd etilgan.

Butunjahon merosi markazi, IKOMOS va IKKROMning tahlili va xulosalarida turli-tuman infrastruktura va turistik obektlarning qurilishi rejasi, jumladan, ShHT-2022 sammitini o‘tkazish uchun zarur binolar va ko‘pfunksiyali «Samarqand siti» loyihasi obekt, bufer zonasi uning tashqarisida buzish va qayta rejalashtirish ishlari o‘tkazilishi ularni tashvishga solmoqda.

«Boshqaruvchi prinsiplar, bosh reja, yangilangan boshqaruv rejasi va boshqa yo‘riqnomalarni ishlab chiqishdagi pozitiv qadamlarga qaramasdan, bu ishlar yakunlangach yirik loyihalar amalga oshirilib, shahar tarixiy markazida va bufer zonasida tiklab bo‘lmas o‘zgarishlarga olib kelishi va obektning OUV (Outstanding Universal Value) — bemisl universal va umumbashariy qiymatiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin.

Bundan tashqari, bu borada amalga oshirilayotgan ayrim loyihalarda aholi turarjoylarini standartlarga to‘g‘ri kelmaslik vaji bilan qayta taqsimlash kuzatilmoqda, biroq aniq hududlar va ijtimoiy oqibatlar ko‘rsatib o‘tilmagan. Bu fakt qurilish ishlari ustidan doimiy ko‘rik va o‘rnatilgan tarzdagi nazorat yetarli tarzda amalga oshirilmagani, tizimli jarayonlarni joriy etish zaruriyati borligini ko‘rsatadi.

Taassuf bilan qayd etish lozimki, Qo‘mitaning so‘rovlariga qaramasdan, Qo‘mita va Butunjahon merosi markaziga bemisl universal va umumbashariy qiymatiga salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan restavratsiya va yangi qurilish ishlari bo‘yicha qaror chiqarishdan avval bildirish jarayoniga belgilangan tarzda rioya qilinmagan. 

Shunday qilib, taklif etilayotgan va joriy loyihalarning tezligi, shuningdek, ShHTning 2022 yilgi sammitigacha qurib bitkazish zaruriyati yetarli tarzdagi boshqaruv prinsiplari, yo‘riqnomalari va vositalari yo‘qligi bilan birgalikda obektning OUV (Outstanding Universal Value) — bemisl universal va umumbashariy qiymatiga tahdid uyg‘otmoqda, deyiladi xulosada.

Ishtirokchi davlatga zudlik bilan sanab o‘tilgan masalalarni oliy darajadagi uchrashuvgacha qisqa vaqt qolganini inobatga olib chuqurlashtirilgan tarzda o‘rganish va qurilish ishlariga ruxsatnoma berishni tartibga solish tavsiya etilgan.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha hududlararo Davlat inspeksiyasi boshlig‘i Maysara Nabirayevaga qo‘ng‘iroq qilib ulanishning imkoni bo‘lmadi.

YuNeSKO talablariga ko‘ra, uning ro‘yxatidagi obektlarda baland va ko‘p qavatli bino va inshootlarni qurish nafaqat muhofaza qilinuvchi hududlarda, shuningdek bufer zonalar deb ataluvchi yondosh hududlarda ham taqiqlanadi. Bunday belbog‘dagi yangi qurilishlar madaniy meros obektlariga soya solmasligi kerak. Biroq, bugungi kunda xalqaro tashkilot muhofazasi ostidagi Samarqand shahri markazida turli elitali turar joy majmualari barpo etilmoqda.

Maysara Nabirayeva «Xalq so‘zi» gazetasiga bergan intervyusida bu madaniy meros saqlanishi uchun barcha mas'ul ekani haqida gapirgandi.

— Qadimiy shahrimizning unikalligini shu fakt ham tasdiqlamoqdaki, YuNeSKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga 4300 gektardan ortiq maydondagi osori-atiqalar kiritilgan, — deydi Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha hududlararo Davlat inspeksiyasi boshlig‘i M.Nabirayeva. — Bu nafaqat butun jahonga mashhur me'morchilik durdonalari, islom madaniy yodgorliklari, shuningdek tarixan paydo bo‘lgan turarjoy kvartallari hamdir. Gap nafaqat Temuriylar davri obektlari, shuningdek XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi Yevropa uslubidagi qurilishlar haqida ham bormoqda. Bu madaniy merosimizning ko‘p qirrali ekanligidan dalolat beradi, ularning saqlanishi uchun butun jahon oldida mas'ulmiz.

Shahar hokimligi bizning mutaxassislarni jalb qilishsa ham, ularning tavsiyalari bee'tibor qoldirilmoqda, deya davom etgan M.Nabirayeva. — Masalan, eskirgan va nurab qolgan sobiq shahar xalq ta'limi bo‘limi o‘rnida bu joyning tarixiy hududligini inobatga olib, biz ikki qavatdan ortiq bo‘lmagan obekt qurilishiga ruxsat berganmiz. Biroq bu yerda yetti qavatli elitali turar joy binosi qad ko‘targan.

«Samarqandga ushbu ertak-shaharni tomosha qilish uchun yuz minglab xorijiy sayyohlar kelishmoqda. Ularga 10 yildan keyin nima ko‘rsatamiz? Ayni paytda ko‘plab mehmonxonalar qurilmoqda. Biroq ayni paytdagi hukmron bo‘lgan, shaharni o‘zining tarixiy nuqsidan mosuvo qiladigan shaharsozlik siyosatida mehmonxonalar hech kimga kerak bo‘lmay qoladi», deyiladi nashr maqolasida.

Darhaqiqat, bunday voqealardan keyin Samarqandda kimlardir shaharni YuNeSKO ro‘yxatidan chiqarishdan manfaatdor, deb o‘ylab qolasan kishi. Ularning hakalak otgan nafsini ayni paytda o‘sha YuNeSKOgina tiyib turibdi. Qadimiy shahar YuNeSKO ro‘yxatidan chiqsa — ular ko‘ngliga kelgan va istagan ishini qilishga tayyor.

Eslatib o‘tamiz, yil boshida Samarqand viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand shahrining tarixiy markazidagi jami 159ta obektda aniqlangan qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi.

«Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlarining yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yo‘l ochgan. Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros obektlariga zarar yetgan. Bu holat YuNeSKO ma'muriyatining e'tiroziga sabab bo‘lgan», — degan edi viloyat hokimi E.Turdimov o‘sha yig‘ilishda.

Bungacha Shahrisabz shahrining tarixiy markazida keng ko‘lamda qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borishda Konvensiya va uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy qo‘llanma qoidalariga rioya qilmasdan va ularning loyihalari YuNeSKOning Umumjahon merosi markazi bilan avvaldan kelishilmagan holda olib borilgani uning bemisl universal va umumbashariy qiymatiga jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatgani natijada, YuNeSKO huzuridagi Umumjahon merosi qo‘mitasining 40-sessiyasi qarori bilan Shahrisabz tarixiy markazi 2016 yilda Umumjahon merosining xavf ostidagi obektlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. O‘zbekistonga bir yil davomida turli komissiyalar tashrif buyurib, vaziyatni nazorat qilishi, Shahrisabz tarixiy markazini YuNeSKO jahon meroslari ro‘yxatida qoldirish nuqtai nazaridan ishlar davom ettirilishi belgilangan edi. 

Top