19:30 / 30.06.2019
41922

O‘zbekistonda o‘lim jazosini tiklash kerakmi? Ekspert fikri

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda o‘lim jazosi qo‘llanishi jinoyatchilik kamayishiga olib kelishi haqida muhokamalar avj ola boshladi. «Buyuk kelajak» XNNT eksperti Baxshillo Xo‘jayev bu bahslar yuzasidan fikrlarini bildirdi.

Aslida, o‘lim jazosining bor yoki yo‘qligi jinoyatchilik darajasiga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Zero, Chezare Bekkaria aytganidek, «jinoyatchilik oldini olishda jazoning shafqatsizligi emas, balki uning muqarrarligi ko‘proq ahamiyatga ega». Bu aksioma ayni haqiqatdir. Qolaversa, o‘lim jazosi haqida gapirganda uning nafaqat huquqiy tomonini, balki ijtimoiy, axloqiy va psixologik jihatlarini ham e'tiborga olish lozim.

Inson hayoti oliy qadriyat, o‘lim jazosini qo‘llamaslik esa insonparvarlik belgisidir

Insonparvarlik g‘oyalari azaldan xalqimizda ulkan qadriyat sifatida ulug‘langanini bobokalonimiz Alisher Navoiyning «Saddi Iskandariy» dostonida keltirilgan quyidagi parchadan bilib olishimiz mumkin: «...yomonga jazo berish — garchi qonun va siyosat yuzasidan to‘g‘ri bo‘lsa ham, ammo adolatli hukmdorning asl yo‘li — shafqat-muruvvatdir. Bir shaxs o‘limga qanchalik sazovor bo‘lsa ham, uning o‘limini orqaga surish, bu haqda shoshmaslik yaxshi...»

Shunday jiddiy asoslar bo‘la turib nega biz o‘lim jazosini qo‘llash bilan bog‘liq dalillarni asossiz mish-mishlardan qidirishimiz kerak? Nahotki, bizning bilimsizligimiz shu darajaga yetdi!?

Bu borada mushohada uchun rus adabiyotshunosi va taniqli jurnalist N.S.Leskovning quyidagi so‘zlarini keltirib o‘tishni lozim deb topdik: «Inson hayoti – o‘n sakkiz ming olamni yaratgan xoliqning ulug‘ marhamati namoyishidir. Uni munosib yashab o‘tish, sermazmun va samarali umrguzaronlik qilish har bir insonga, qolaversa, butun jamiyat zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi». Shunday ekan, butun jamiyat mas'ul bo‘lgan ishga ijtimoiy tarmoqlarda 2-3 kishining o‘ylamay yozgan muhokamasiga qo‘shilishimiz joizmi?! Axir, o‘lim jazosi jaholat bilan beriladi-ku, jaholatni esa jaholat bilan yengib bo‘lmaydi.

O‘lim jazosi bekor qilingani sivilizatsiyalashgan demokratik davlatning belgisidir

O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingani mamlakatimizda umuminsoniy tamoyillar ustuvorligi va xalqaro andozalar amalga joriy etilganidan darak beradi. Binobarin, Konstitutsiyamizning 13-moddasida qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Qolaversa, O‘zbekiston qo‘shilgan birinchi xalqaro hujjat - Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida «Har bir inson yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egadir» deyilgan. Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Paktning 6-moddasida esa «Har bir insonning yashash huquqi uning ajralmas huquqidir. Bu huquq qonun bilan muhofaza etiladi. Hech kim o‘zboshimchalik bilan insonni yashash huquqidan mahrum qila olmaydi», deb ta'kidlangan.

Shuningdek, mazkur xalqaro hujjatning BMT Bosh Assambleyasi 1989 yil 15 dekabrida qabul qilgan o‘lim jazosini bekor qilishga qaratilgan ikkinchi Fakultativ bayonnomasi barcha hukumatlarni o‘lim jazosini bekor qilishga chorlaydi.

Shunday ekan, jinoyat va jazoni hal etish masalasida inson hayoti ustuvor bo‘lishi lozim. Shuning uchun ham jinoyat sodir etgan shaxsni jazolashdan ko‘zlangan maqsad jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish emas, balki uni tarbiyalash ekanligi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida bejiz belgilanmagan. Boshqacha aytganda, yashash huquqi insonning barcha huquq va erkinliklarining poydevorini, dastlabki asosini tashkil etadi. U dunyo sivilizatsiyasining mutlaq qadriyatidir.

Bu borada, mashhur fransuz adibi Viktor Gyugoning parlament majlisida o‘lim jazosi haqida so‘zlagan nutqidan havola keltirishni lozim deb topdik: «O‘lim jazosi vahshiylikka xos abadiy belgi, qayerda o‘lim jazosi xuruj qilsa, u yerda vahshiylik hukm suradi, o‘lim jazosi bor joyda kamdan-kam hollarda sivilizatsiya rivoj topadi».

Demak, sivilizatsiyalashgan davlatda o‘lim jazosi haqida gapirishdan oldin puxta va obdon o‘ylab ko‘rish kerak. Nega hanuz tushunmayapmiz!? O‘lim jazosini keng joriy qilish varvarlikdan boshqa narsa emas, axir biz sivilizatsiyalashgan demokratik davlatda yashayapmizku?

Jahon hamjamiyati ham o‘lim jazosini ma'qullamaydi

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo bo‘lgan 193 davlatdan 169tasida o‘lim jazosi qo‘llanmaydi. 24ta davlat qonunchiligida o‘lim jazosi formal mavjud bo‘lsa-da, lekin oxirgi 10 yil davomida uni qo‘llash amaliyoti to‘xtatib qo‘yilgan. Bunday davlatlarning aksariyati o‘lim jazosini Ikkinchi jahon urushidan keyin qonunchiligiga kiritgani aniqlangan.

O‘lim jazosini bekor qilgan davlatlar ichidan atigi 4 davlat (Nepal, Filipin, Gambiya, Papua-Yangi Gvineya) o‘z qonunlarida o‘lim jazosini tiklagan. Biroq, Nepal hozirgi kunda ushbu jazoni yana bekor qildi, Filippin esa jazoni ijro etishni to‘xtatib qo‘ydi, qolgan ikki davlat Gambiya hamda Papua-Yangi Gvineyada o‘lim jazosi qayd qilinmagan. Xo‘sh, nega o‘lim jazosini tiklagan oz sonli davlatlar bunday jazoni qayta bekor qilmoqda yoki uning ijrosini to‘xtatib qo‘ymoqda? Bu borada birgina Filippinning tajribasini ko‘rib chiqish yetarli hisoblanadi. Filippinda o‘lim jazosi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashish maqsadida qayta tiklangan. Filippin hukumati bergan ma'lumotlarga ko‘ra, 2016 yil 1 iyulidan 2018 yil 30 noyabriga qadar giyohvand moddalar savdosiga qarshi o‘tkazilgan amaliyotlarda 5050 kishi qatl qilingan. Human Righs Watch tashkiloti bu raqam kamida 12000 nafarga teng ekanini ta'kidlaydi. Filippin huquqni muhofaza qiluvchi organlarining qayd etishicha, o‘n yildan beri narkotrafikka aloqador jinoyatlar uchun oliy jazo tayinlab kelinayotgan bo‘lsa ham, o‘lim jazosi giyohvand moddalar savdogarlarini mutlaqo qo‘rquvga solmayapti. Harm Reduction International tadqiqot guruhi tahlilchisi Jiada Jirellining ta'kidlashicha, «mazkur jinoyat uchun qatl etilganlarning aksariyati kurer, ya'ni tashuvchi hisoblanadi. Giyohvand moddalar savdosidagi kurerlarni osongina almashtirish mumkin. Ularni yo‘q qilish narkobiznes modeliga hech qanday jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi». Ya'ni Fillipinda o‘lim jazosining qayta tiklanishi giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar kamayishiga yordam bermadi, aksincha jinoyatchilik soni o‘sib, qatl etilgan insonlar soni ko‘paydi. Bunday holatni Malayziya, Vetnam va Eronda ham kuzatish mumkin. Bu davlatlarda har yili o‘nlab qatllar amalga oshiriladi, lekin giyohvand moddalarga berilib qolgan insonlar soni narkotrafik uchun o‘lim jazosini bekor qilgan davlatlardagidan ancha ko‘pdir. Shuning uchun ham BMTning narkotik va jinoyatchilikka qarshi boshqarmasi (UNODC) har qanday holatda ham oliy jazoga qarshi ekanini ma'lum qiladi.

O‘lim jazosi korrupsiya oldini olishga ham yordam bermaydi

O‘lim jazosi belgilangan davlatlarda korrupsiya holati kamaymagan, aksincha, o‘lim jazosi qo‘llanmagan davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, korrupsiya uchun o‘lim jazosi belgilangan Xitoyda korrupsiya holatlari ko‘payib, Transparency International xalqaro indeksi bo‘yicha Xitoy 2018 yilda dunyoda 167 davlatdan 39-o‘rinni egallagan. Mazkur ko‘rsatkich korrupsiyaga qarshi kurashishda jazoning og‘irligi yordam berma olmasligini ifodalaydi. Aksincha, korrupsiyaga qarshi kurashishda dunyo reytingida yuqori o‘rinni egallagan Finlyandiya va Daniya davlatlarida o‘lim jazosi mavjud bo‘lmasa-da, korrupsiya ko‘rsatkichlari juda past.

O‘lim jazosini qo‘llayotgan davlatlardagi holat

Hozirgi vaqtda o‘lim jazosi AQShning 38ta shtatida qo‘llab kelinmoqda. Biroq, shunga qaramasdan so‘nggi 30-40 yil ichida AQShda jinoyatchilik 7-8 barobar o‘sgan. Qolaversa, AQShda nohaq o‘lim jazosi tayinlash va ijro qilish hollari ham oz emas. Xususan, 1900-1985 yillarda o‘lim jazosi 350 nafar aybsiz shaxsga nisbatan ijro etilgani rasman tan olingan. Keyingi o‘ttiz yil mobaynida bu jazoga mahkum etilganlardan 121 nafarining aybsizligi aniqlanib, o‘lim kameralaridan ozod qilingan. 23 nafar shaxsning o‘lim jazosi ijro etilishiga bir qancha daqiqa qolgandagina aybsizligi aniqlangan va ijro to‘xtatilgan.

AQShdagi mazkur holat o‘lim jazosi jinoyatchilikka jiddiy ta'sir ko‘rsata olmasligini tasdiqlaydi. AQSh Milliy fanlar akademiyasi ham mazkur faktni tan olib, o‘lim jazosini jinoyatchilik ahvoliga bog‘lash asossizligi to‘g‘risidagi xulosaga kelgan. Nyu-York universiteti Huquq maktabidagi Brennan odil sudlov markazi tadqiqoti natijasi xulosasiga ko‘ra, «o‘lim jazosi mavjudligi jinoyatchilik darajasiga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaydi».

Bundan tashqari, hatto zamonaviy yuridik va kriminalistik imkoniyatlar ham sud xatosining bo‘lmasligiga kafolat bera olmaydi, o‘lim jazosi saqlanib qolar ekan, aybsiz odamni qatl qilish ehtimoli ham mavjud bo‘laveradi. Masalan, Kolumbiya universitetining bir guruh olimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘lim jazosiga oid izlanishlar shuni ko‘rsatadiki, 1973-1995 yillar oralig‘ida dunyoning o‘nlab davlatlarida chiqarilgan 71 foiz hukmlar keyinchalik qayta ko‘rilgan va ularning 95 foizida sudlanuvchi oqlangan yoki o‘lim jazosi yengilroq jazoga almashtirilgan. O‘limga mahkum qilingan hech qanday shaxsni hayotga qaytarishning iloji yo‘q, ammo hayotda bundan oldin ham, hozirda ham, keyinchalik ham sudlar xatolikka yo‘l qo‘yishlari mumkin va afsuski, ushbu xatolikni tuzatishning hech ham iloji yo‘q. Qolaversa, mazkur jazo boshqa jazolar kabi mahkumning axloqan tuzalishiga va o‘z xatolarini anglab yetib, tavba qilishiga imkoniyat bermaydi.

O‘lim jazosi tarafdorlarining vajlari asossiz va eskilik sarqitidan boshqa narsa emas

O‘lim jazosi tarafdorlari qarashlarining ostida qasos olish hissi yotadi. Hissiyotga berilgan bunday shaxslarning vajlari asosan «jonga – jon, qonga – qon» qadimiy odat qoidalaridagi vahshiyona o‘ch olish istagi bilan bog‘liq. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bunday hissiyotlarning manbasi sivilizatsiyadan oldingi davrga borib taqaladi. Dastlabki ibtidoiy jamoa davrida odamlar o‘rtasida qasos olish odati paydo bo‘lgan bo‘lsa, oila institutining paydo bo‘lishi ushbu funksiyaning oilaga o‘tishiga olib keldi. Keyinchalik ilk davlat paydo bo‘lgan davrlarda o‘lim jazosi faqat davlat tomonidan qo‘llana boshlandi. Afsuski, o‘sha vaqtda ham «jonga – jon, qonga – qon» odatlari hali-hamon saqlanib qolgan edi. XIX asrga kelib, mazkur vahshiyona odatlar na odamlarga va na davlat siyosatiga yordam bera olmasligi tan olindi. Biroq, shunga qaramasdan o‘lim jazosi ayrim shaxsiy manfaatlari yo‘lida davlat nomidan qo‘llanganini sho‘rolar davri misolida ko‘rishimiz mumkin.

Sobiq ittifoq davrini eslaylik. Qatag‘on yillaridagi xalqimizning boshdan kechirgan og‘ir kunlarini unutdikmi? Ya'ni, sho‘rolar davrida sud hukmi va ma'muriy tuzilmalarning qarorlari, hatto oliy rahbariyatning «roziligi» bilan 800 mingga yaqin hur fikrli shaxslar «aksilinqilobiy» jinoyatlarda ayblanib, otib tashlangani nafaqat O‘zbekiston, balki inson tarixidagi ayanchli fojialar sifatida muhrlanib qoldi.

Bizningcha, aynan o‘sha eskilik sarqiti bo‘lsa kerak, hozirgi kunda ba'zi odamlar «birovni o‘ldirgan odamlarga faqat o‘lim jazosi berilishi kerak», deb g‘azablanadilar. Vaholanki, shaxsni hayotidan mahrum qilishdek o‘ta murakkab masalani aslo hissiyot zaminida hal etish yaramaydi. Nemis olimi Getsel o‘lim jazosiga oid ma'lumotlar asosida bu jazo adolatsizlik timsoli va noaqllikdan iborat vahshiylikdir, degan xulosaga kelgan.

Afsuski, o‘lim jazosi tarafdorlari ko‘proq hissiyotga beriladilar va yuqoridagi hayotiy va mantiqiy fikr-mulohazalarni inkor etishga arzigudek vaj keltirmaydilar. Bunday toifadagi odamlar oddiy haqiqatni, ya'ni jinoyatchini hayotidan mahrum etmasdan, madaniy, insonparvarlik tamoyiliga asoslangan va odil yo‘llar bilan ham jazolash mumkinligini hech ham o‘ylab ko‘rmaydilarmi!?.

Xulosa o‘rnida

O‘zbekistonda o‘lim jazosi bekor qilingani insonparvarlik va bag‘rikenglik tamoyillarining, xalqaro huquq me'yorlari umume'tirof etilgan prinsiplarining bajarilishi ifodasidir.

Qolaversa, o‘lim jazosi xalqimizga xos kechirimlilik fazilatiga yot tushunchadir. Hech bo‘lmaganda, o‘lim jazosini belgilash bilan bog‘liq dalillar to‘plashni bas qilishimiz kerak. Undan ko‘ra, jamiyatimiz uchun hayot-mamot masalasi bo‘lgan ta'lim, farzandlarimiz tarbiyasi, yoshlarimiz huquqiy ongini yuksaltirish masalalari ustida bosh qotirsak o‘z vaqtimizni ijtimoiy foydali masalaga sarflagan bo‘lar edik.

So‘rov
Kun.uz’ning telegramdagi «Sizning fikringiz» kanalida shu mavzuda so‘rovnoma o‘tkazildi. Respondentlardan o‘lim jazosi joriy etilishi O‘zbekistonda korrupsiya darajasini nechog‘lik kamaytirishi haqida javob so‘ralgan. So‘rovda 3800dan ortiq kishi ishtirok etgan.

So‘ralganlarning 35 foizi o‘lim jazosi korrupsiya darajasini kamaytiradi deb hisoblagan. Ularning 20 foizi bu jazo joriy etilsa, odamlar pora olishni to‘xtatishadi, degan fikrda. 8 foiz kishi bu jazo tufayli hamma hayoti haqida o‘ylab ko‘radi, deb o‘yladi, 7 foiz kishi esa bu uslub juda yaxshi samara beradi, deb hisoblaydi.

Shu bilan birgalikda, so‘rovnomada qatnashganlarning 62 foizi o‘lim jazosi joriy etilishiga qarshiliklarini ifodalashgan. Ularning 32 foizi o‘lim jazosi o‘rniga sharoitlar va maoshlarni yaxshilash zarurligini bildirishgan. 22 foiz kishi bu holatda begunoh kishilar ham qatl qilinishi mumkinligini ko‘rsatishgan.

O‘lim jazosiga qarshilarning 8 foizi ayblanuvchilar jazodan qutilish uchun sudyalarga kattaroq miqdordagi poralar taklif etishga o‘tishi, sudyalar ham «narx»ni oshirishi mumkin, deb hisoblashgan.

Top