13:40 / 30.06.2019
14329

Qudbiyev: IT mutaxassisi Power Point dasturi nima uchun kerakligini bilmaydi

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Qudbiyev Farg‘ona viloyatida fuqarolarning sayyor qabulini o‘tkazish chog‘ida yosh mutaxassislar, kollej bitiruvchilari o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha malakali bilimga ega emasligiga yana bir bor amin bo‘ldi. Bu haqda vazirlik Axborot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qildi.

Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan sayyor qabulda 130dan ortiq fuqaro qatnashgan. Shundan 45 kishi ish bilan ta'minlash masalasida, 6 kishi mehnat huquqi buzilayotgani, 5 nafari oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalada murojaat qilgan. 

Ta'kidlanishicha, sayyor qabul chog‘ida fuqarolarning mehnat huquqlari buzilishiga hamda aholi bilan ishlashda xatoliklarga yo‘l qo‘ygan bir necha bandlikka ko‘maklashish markazi rahbari vazifasidan ozod etilgan. 

«Murojaat qilayotganlarning ko‘pchiligi ayollarni tashkil etmokda. Ba'zilari jamoat ishida doimiy ishlashni xohlashadi. Ayrimlari esa, o‘z sohasida ish topib berishni so‘rashdi. Ba'zilarining ish staji bo‘lmasa ham, malakasini tasdiqlovchi diplomi ham bor. Masalan, diplomida axborot texnologiyalari bo‘yicha mutaxassis, deb yozilgan. Aynan shu sohalarda mutaxassislar yetishmaydi o‘zimizda. 

Lekin, IT sohasi bo‘yicha mutaxassis oddiy Power Point dasturi nima uchun kerak, degan savolga javob bera olmaydi. Men qanday qilib qo‘lidagi diplomi bilimiga mos kelmagan  mutaxassisni ish beruvchiga tavsiya qilaman? Mana shu kabi nomutanosibliklar mehnat bozorida bugungi ishsizlikni keltirib chiqarayotgan sabablaridan bittasi. Bizdagi oliy ta'lim sifati ish beruvchi talabini qondira olmayapti», - degan Sherzod Qudbiyev Farg‘ona aholisi bilan bo‘lib o‘tgan muloqot so‘ngida.

Eslatib o‘tamiz, BvaMMV rahbari, OAV vakillari bilan ham uchrashuvda O‘zbekistonda 1 mln 400 ming ishsiz borligini aytar ekan, 100 mingga yaqin ish o‘rniga munosib ishchini topilmayotganini bildirgan edi. Vazir, mavjud ishchi kuchi ish beruvchi talabiga javob bermayotganini kuyinchalik va afsus bilan tilga olgandi. 

Top