11:30 / 01.07.2019
47717

«Farg‘ona tong otguncha...» yoki fermerning arz-dodlari o‘ziga «to‘qmoq» bo‘lib qaytgani haqida

Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida faoliyat yurituvchi «Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligidagi mavjud muammolar haqida maqolalar e'lon qilganimizdan keyin tuman hokimligi zarur choralarni ko‘rib, ahvolni o‘nglashga harakat qiladi, degan umidda edik. Ammo...

Keling, avvalo, hammasini bir boshdan qisqacha eslab o‘taylik.

«Olimboy hoji» chorvachilik fermer xo‘jaligi rahbari Abdumannob Qosimov 2018 yilda bankdan katta miqdorda kredit olib, Germaniyadan 99 bosh naslli qoramol xarid qilgan. Bu qoramollar Qo‘shtepa tumaniga yetib kelgach, fermer haqida televideniye, davriy va internet nashrlarida xabarlar tarqatilgan. O‘sha kunlardagi maqtov va olqishlardan tuman rahbarlari hamda soha mutasaddilari ham benasib qolishmagan. Ular mazkur ezgu ishni allaqachon manzilli dasturga kiritib qo‘yishgan edi. Shu bois fermer xo‘jaligiga ozuqa yetishtirish uchun yer maydoni ajratilsa maqtov ustiga maqtov yog‘ilgan bo‘lardi. Biroq bechora fermer negadir o‘zi kutgan munosabat va muomalaga loyiq ko‘rilmadi. Gap shundaki, mutasaddilar unga yer maydoni ajratib berishni avvaliga paysalga solishdi, oxiri uning «ovozi» shu bilan o‘chsa, o‘cha qolsin, degandek, hosil olishga o‘ta nobop yerni «tortiq» qilishdi. O‘rtacha boniteti 43 ball bo‘lgan jami 59,8 gektar yerni ular juda hosildor va sug‘orishga qulay, deb maqtashdan uyalishmadi.

Holbuki, o‘sha yerda avvalgi yillarda dehqonchilik qilgan «Muattar zamin ziynati» hamda «Qo‘shtepa Buvayda hamkori» fermer xo‘jaliklari paxta va g‘alladan ko‘zlangan hosilni ololmasdan kuyib ado bo‘lishgan ekan. Xususan, 2017 yilda «Muattar zamin ziynati» fermer xo‘jaligi «hosildor» yerdan 42,7 tonna o‘rniga zo‘rg‘a 11,3 tonna paxta olgan. «Qo‘shtepa Buvayda hamkori» esa 2018 yilda 28 tonna o‘rniga zo‘r-bazo‘r 9,8 tonna paxta olgan xolos.

Bunday raqamlar chorvador fermerga ajratilgan yer maydonining naqadar «hosildor» ekanidan dalolat berib turibdi. Buni tuman mutasaddilari ham yaxshi bilishardi. Lekin nimagadir tuman hokimligi zaxirasida boshqa yer maydoni mavjud emasdek, o‘sha yerni Abdumannob Qosimovga «o‘tkazish»ga harakat qilaverishdi. U esa viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning qabuligacha bordi. Viloyat rahbari Qo‘shtepa tumani hokimiga mazkur fermer xo‘jaligining mavjud g‘alla maydonini chorvachilikka o‘tkazish haqida tegishli topshiriq berdi. Viloyat hokimining bu topshirig‘i bajarilganida keyingi mashmashalar umuman kelib chiqmasdi. Biroq tuman hokimi I. Novikov o‘z bilganidan qolmadi va «Xohlasangiz shu, aks holda yerni tashlab, qoramollarni olib ketavering» degan ma'noda avvalgi fikrida qat'iy turib oldi.

Bu holat nimalarga olib keldi?

«Olimboy hoji» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 36 bosh qoramol ozuqa yetishmasligi natijasida nobud bo‘ldi. Ularning har biri 2 ming 70 yevrodan xarid qilingan edi. Fermer qancha ziyonga botganini chamalab ko‘rdingizmi?

Endi bu yog‘ini eshiting. Abdumannob Qosimov zora ahvol o‘zgarib qolsa, degan umid bilan Kun.uz internet nashriga murojaat qildi. Biz masalaning mohiyatini o‘rganib, tahliliy-tanqidiy ruhdagi maqolalarni saytimizda e'lon qildik. Zotan, bugungi kunda tadbirkorlarni, xususan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga urinayotgan fermerlarni qo‘llab-quvvatlash barchamizning oldimizda turgan muhim vazifadir. Muhtaram Prezidentimizning shaxsan o‘zlari bu boradagi ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lmoqdalar. Shu bois Qo‘shtepa tumani hokimligi ham fermerning holatini to‘g‘ri tushunib, vaziyatni o‘nglashda yordam beradi, deb o‘ylagandik. Afsuski, hammasi buning teskarisi bo‘lib chiqdi. Ya'ni, tuman hokimi I. Novikov tadbirkor fermerning og‘irini yengillatish uchun yeng shimarish o‘rniga unga bosim o‘tkazishga kirishib ketdi. Tekshir-tekshirlar boshlandi. «Pichoqqa ilinadigan» ayb topilmagach, shaxsan tuman hokimining o‘zi fermer ustidan ma'muriy sudga arz qildi! Uning yoniga qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Erkayor G‘ofurov ham qo‘shildi. U fermer ustidan arz qilib, «tuhmat orqali mening sha'nimni yerga urdi», degan da'vo bilan chiqdi. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasiga ko‘ra, bila turib yolg‘on, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish tuhmat hisoblanadi. Mazkur kodeksning 41-moddasiga ko‘ra, shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish haqorat sanaladi.

Savollar tug‘iladi:

1-savol: Tuman hokimi I. Novikov tadbirkor-fermerning yer maydoni to‘g‘risidagi haqli e'tirozlari va arz-dodlariga umuman quloq solmagan. Mavjud holat haqida tahliliy-tanqidiy maqolalar nashr qilingach, darrov fermerning «tanobini tortib qo‘yish» yo‘llarini izlagan. Unga bosim o‘tkazilgan, tumandagi turli idoralar fermer xo‘jaligining moliyaviy faoliyati yuzasidan to‘satdan tekshiruvlar boshlab yuborishgan. Bu bilan qanoatlanmagan tuman hokimi oxiri o‘ylay-o‘ylay ma'muriy sudga da'vo qilgan. Holbuki, u fermer tushib qolgan o‘ta og‘ir vaziyatni puxta o‘rganib chiqib, unga yordam ko‘rsatish, og‘irini yengillatish choralarini ko‘rishi kerak emasmidi? Axir fermerning har biri 2070 yevroga sotib olingan 36 bosh qoramoli nobud bo‘ldi-ku?! Bunday ayanchli holatga befarq qaragan, tomoshabin bo‘lib turgan hokim qanday bahoga loyiq?

2-savol: Tuman hokimi o‘rinbosari Erkayor G‘ofurov da'vo ishi ko‘rib chiqilgan ma'muriy sud majlisida fermer xo‘jaligining achinarli holati haqidagi tanqidiy maqolalar o‘zining kelajagiga salbiy ta'sir o‘tkazishini alohida ta'kidladi. Xo‘p, shunday ham bo‘lsin, lekin u kelajagi haqida shunchalar qayg‘urar ekan, nima uchun o‘ziga bevosita taalluqli bo‘lgan masalaga panja orasidan qarab keldi? Qoramollari nobud bo‘lib, kundan kunga ishlari chappasiga ketayotgan fermerning arzi-dodlari mutasaddi sifatida uni zarracha tashvishga solmaydimi? Axir fermer nasldor qoramollarini boqish uchun ozuqaga, shu ozuqani yetishtirish uchun ekinbop yerga muhtojligi uni umuman qiziqtirmadi. Uni bu masalaga befarq emas ham deylik, biroq shu kungacha fermerning dalasiga necha marta bordi-yu, qanday amaliy yordam ko‘rsatdi?

Holbuki, Abdumannob Qosimov ham dalasida pashsha qo‘rib o‘tirgani yo‘q. Har kuni ishlaydi, davlatga paxta va g‘alla yetishtirib beradi. Agarda chorva ozuqasi uchun ajratilgan yer maydonida hosil yetishtirishning imkoni bo‘lganida shijoatli fermer rahbarlarning eshigiga bosh urib yurmasdan, qo‘liga ketmonini olib, allaqachon dalasiga chiqib ketmasmidi? Chunki u chorvachilikda ozuqa yetishtirish uchun har daqiqa g‘animatligini juda yaxshi biladi. Bugun ekmasa, ertaga chorvasi och qolishi ham unga oydek ravshan. Lekin qani edi, tuman hokimligi ajratgan yer maydoni ekishga yaroqli bo‘lsa?! Shuni bila turib, masalaga befarq qaragan, fermerning «unini o‘chirish»ga hissa qo‘shish uchun yeng shimargan hokim o‘rinbosariga nima ham deyish mumkin? 

3-savol: Tuman rahbarlari haqiqatni o‘zlariga nisbatan tuhmat deb tushunishar ekan, nega endi Qosimovga noo‘rin bosim o‘tkazishga urinishmoqda? Nima uchun ular dastavval fermerning ayanchli holatini haqiqiy jonkuyar rahbar sifatida ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqishmadi? Yaroqsiz yer maydonida hosil yetishtirishning iloji bo‘lsa, nega buni o‘zlari amalda ko‘rsatib berish chorasini ko‘rishmadi? Hech yo‘g‘i suv tarmog‘ini tortishda ko‘maklashib, uning og‘irini yengillatib berishsa bo‘lardi-ku? Eng qizig‘i shundaki, da'vogarlar tuhmat va haqorat degani qonun bo‘yicha nima ekanligini tushunmasliklari sudda oydinlashib qoldi.

4-savol: Tuman veterinariya bo‘limining boshlig‘i Ubaydullo Tursunov sudda guvoh sifatida ishtirok etgan bo‘lsa-da, qoramollarning birin-ketin nobud bo‘lishiga oid xulosasini «ozgina» o‘zgartirib bayon qilishiga sabab nima? Gap shundaki, fermer o‘z vaqtida veterinarlarga murojaat qilgan. Ubaydullo Tursunov esa tegishli laboratoriya tahlillaridan xulosa yasab, bizga bergan intervyusida shunday degan:

«...Chorva hayvonlari nobud bo‘la boshlagach, viloyatda laboratoriya tahlillarini o‘tkazdik. Qayerga olib borsak ham bir xil tashxis – alimentar distrofiya. Bu – ozuqa yetishmasligini bildiradi. «Qoramollar nega nobud bo‘lyapti?» degan savolga mutaxassislar bu holat yem-ozuqaning yetishmasligi oqibatida yuz berayotganini aytishmoqda».

E'tibor bering, Qosimovning naslli qoramollari ozuqa yetishmasligidan nobud bo‘layotgani ta'kidlanyapti. Holbuki, ma'muriy sudda Ubaydullo Tursunov avvalgi gaplariga «ozgina qo‘shimcha» kiritdi, «strelka»ni fermer tomonga burib, hamma aybni unga yuklashga uringandek tuyuldi. Ya'ni, sudda u qoramollarni to‘yimli ozuqa bilan ta'minlash fermerning vazifasi ekanligini ta'kidladi. Sodda qilib aytganda, ozuqa yetishmasligida hokimning aybi yo‘qligini ochiq aytmasa ham, kosa ostida nimkosa ko‘rinishida «qistirib» o‘tdi.

Xo‘p, ozuqa yetishmasligida nobop yerni ajratib bergan hokim va boshqa mutasaddilarning aybi bo‘lmasa, u holda fermerning o‘zi qoramollarni atayin nobud qilib, o‘ziga o‘n minglab yevro miqdorida zarar yetkazayotgan ekan-da? Bu qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

5-savol: Qo‘shtepa tuman ichki ishlar bo‘limi profilaktika inspektori tuman hokimi va o‘rinbosarining shikoyatlarini o‘rganishda bir tomonlama munosabatda bo‘ldi? U nimagadir tuman hokimidan tushuntirish xatini olgan. Lekin Abdumannob Qosimovdan tushuntirish xati olinmagan. Bunisi yetmagandek, fermer o‘ziga tegishli da'vo ishi ochilayotganidan vaqtida xabardor qilinmagan. Buni qanday tushunish mumkin? Profilaktika inspektori qonun talablarini bilmaydimi? Bilgan taqdirda, bunday yo‘l tutishga uni nima (kim) majbur qildi ekan?  

Shu kabi savollarga javob topishga urinib, mazkur masalaga har tomondan qarab ko‘rdik. Lekin qanchalik ko‘p o‘ylaganimiz sari turli xil taxminlar shunchalik ko‘payib boraverdi. Qonun esa taxminlarga tayanmaydi. Shu bois ma'muriy sud masalani har tomonlama ko‘rib chiqqach, Abdumannob Qosimovni Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 40-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topdi va 33-moddasini qo‘llab, eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida ma'muriy jarima qo‘lladi.

Bu esa fermerning I. Novikov va E. G‘ofurov haqida uydirmalar tarqatib, tuhmat qilgani isbotlandi deganidir. Aslida ham shundaymi? Fermer rahbarlarga murojaat qilib, menga ekin ekishga yaroqli yer beringlar, aks holda ozuqa yetishmasdan qoramollarim harom o‘ladi, degani uchungina tuhmatchiga chiqarib qo‘yilishi qaysi qolipga sig‘adi? Adolat tarozisi qaysi tomonga og‘ib ketyapti? Biz qaysi zamonda, qanday jamiyatda yashayapmiz?

Sudning qarori chiqqach, Qo‘shepa tumani hokimi va boshqa mutasaddilarning ko‘ngli joyiga tushgan bo‘lsa tushgandir. Bizni esa boshqa narsa o‘yga toldiradi. Agar mazkur tumanda boshqa bir fermer ham nimadandir norozi bo‘lib, e'tiroz bildirsa, amaldorlar ustidan turli nashrlarga yoki yuqori tashkilotlarga arz qilsa, tuman hokimi yana shu «usul»ni qo‘llaydimi? Tadbirkorlar sharoitdan umuman nolimay, miq etmasdan ishlayverishi kerakmi? Ular qulayliklarga, tuman hokimligining amaliy yordamiga munosib emasmi? Qiyin sharoitda ham quvonarli natijaga erishib, hokimga maqtov olib berishsa yaxshi-yu, og‘ir vaziyatga tushgach, hokimlikdan ozgina e'tibor va yordam so‘rasa, yomon bo‘lib qoladimi? 

Bir narsani unutmaslik kerak. Abdumannob Qosimovga ajratilgan yer maydonida dehqonchilik qilgan avvalgi fermerning aytishicha, o‘sha yerda sug‘orish uchun bitta kartaga 23 kun vaqt ketadi. Bu fermer tashlama zovurni bir hafta dimlab suv chiqarishga uringan, har kuni suv talashib, atrofidagi fermerlar bilan janjallashaverib, zada bo‘lgan. Oxiri 100 million so‘mga kuyib, 23 million qarz bilan chiqqan. Abdumannob Qosimov esa ayni paytgacha o‘zi minib yurgan ikkita mashinasini sotib, puliga yem keltirib, qoramollarni ochlikdan asrashga uringan. Bunga o‘tgan yili 800 million so‘m miqdorida zarar ko‘rganini qo‘shsangiz, bechora fermerning xonavayron bo‘lish xavfi ostida turganini yaqqol his qilasiz. Aslida u o‘ziga qarashli bo‘lgan g‘alla maydonini chorvachilikka o‘tkazib berishlarini iltimos qildi, xolos. Bu iltimosning ortidan shuncha g‘alva kelib chiqqani har qanday kishini chuqur o‘yga toldiradi.

Eng yomoni shuki, sud qaroridan keyin ham fermerga boshqacha ko‘rinishda bosim o‘tkazishga kirishib ketilgan. Ya'ni, A. Qosimov mavjud g‘alla maydonlarida yetilgan bug‘doyni o‘rib-yig‘ib olish uchun kombayn so‘ragan. Shu mazmunda tuman hokimiga ham, prokurorga ham murojaat qilgan. Lekin rahbariyat xuddi kelishib olgandek, unga kombayn ajratishni paysalga solmoqda. Bu esa fermerning ishlari yana chappasiga ketishini anglatadi. Axir uning qoramollariga somon kerak. Bug‘doyni o‘rmasa, somonni qayerdan oladi? Mutasaddilar uning shu tarzda adoi tamom bo‘lishini xohlaydilar shekilli...

Qonun barcha uchun barobarmi, yoki hokim qonundan teparoqdami?

Sud raisining qarori odamni hayron qoldiradi. Demak, hokim Novikov o‘z vazifasini bajarishga mas'uliyat bilan harakat qilmasa, tuman rivoji uchun hissa qo‘shmoqchi bo‘lgan chorvadorga sharoit qilmay, unga bosim o‘tkazsa,  sustkashlik qilsa ham «oppoq» bo‘lib qolaveradi. O‘z lavozimi nuqtai nazaridan bajarishi kerak bo‘lgan ishga loqaydlik qilgani uchun rahbarni tanqid qilgan fuqaro «qonunbuzar»mi?

Darvoqe, Kun.uz saytida tanqidiy maqola chiqqach, chorvador xo‘jaligida tekshir-tekshir boshlandi.

Bizda, «Viloyat, tuman prokuraturasi, sud, ichki ishlar bo‘limi faqat hokim tomonidan ariza tushsa bel bog‘lar ekan», degan tushuncha paydo bo‘ldi. Taajjub... Farg‘ona huquq-tartibot  idoralari tuman hokimi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 144-moddasi ikkinchi qismiga ko‘ra shaxsni murojaat qilgani munosabati bilan yoxud bildirilgan fikri va murojaatidagi tanqidi uchun ta'qib etish jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘lishini, buning uchun uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo qo‘llanilishi mumkinligini bilisharmikan...

Aslini olganda, tadbirkorni turli xil sun'iy to‘siqlar bilan ezgu ishidan bezdirish holatlari yaqin o‘tmish sarqiti sanaladi. Bunday «sarqitlar» bilan hanuz andarmon bo‘lib yurgan amaldorlar esa oxir-oqibat chuchvarani xom sanagan bo‘lib chiqishadi. Chunki Prezidentimiz ularni ko‘zni kattaroq ochishga, atrofdagi voqea-hodisalarni chuqur tahlil qilib, tadbirkorlarga barcha qulayliklarni yaratib berishga undayapti. Hozir mudrab o‘tiradigan payt emasligini bot-bot eslatyapti. Afsuski, ayrim joylarda, xususan Farg‘ona tomonlarda haligacha uxlab yotgan hokimlar ham bor ekan. Ular qachon uyg‘onishadi?..

Bu bilan biz qurayotgan huquqiy-demokratik davlatning asosiga putur yetmaydimi?

Alqissa, hozircha chorvador haq bo‘lsa ham nohaq bo‘lib turibdi. Hokim buva esa, uni jazoga torttirganidan xursand. Molxonada esa qoramollar ozuqa yo‘qligidan nobud bo‘lmoqda.

Haqiqatni egib, bukib, chambarak qilsa bo‘lishini ko‘rdik. Lek, sindira olishmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Respublika Bosh prokuraturasi voqeaga o‘z e'tiborini qaratishidan katta umidimiz bor.

P.S. Hozir esa chorvador tanish qo‘shiqni alam bilan hirgoyi qilib yuribdi, «Tor o‘ldi Xaziniyga, Farg‘ona tong otguncha...

Qani, unga ham oy boqib qolar..

Elmurod Ermatov, Farg‘ona
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi: Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top