14:00 / 01.07.2019
7587

Samarqandda mansab suiiste'moli bilan bog‘liq jinoyatlar ortidan davlatga 22 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan

Samarqandda mansab suiiste'moli bilan bog‘liq jinoyatlar ortidan davlatga 22 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan. Bu haqda Samarqandda Xalq deputatlari viloyat kengashining oltmish to‘rtinchi sessiyasida aytildi. 

Kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan viloyat prokurori Farhod Zufarov axborot berdi.

Ma'lum bo‘lishicha, viloyatda joriy yilning olti oyi davomida korrupsion holatlar bilan bog‘liq mansabdor shaxslarga nisbatan 53ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlatga jami 22 milliard so‘mdan ziyod zarar yetkazilgan. 

Prokuror o‘z axborotida budjet mablag‘lari talon-toroj qilish bilan bog‘liq korrupsion holatlarni oldini olish bo‘yicha yetarlicha ish qilinmayotganini qayd etdi. 

Ma'lumot uchun, Samarqand viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo komissiya rahbari — viloyat prokurori Farhod Zufarov hisoblanadi.

Sessiyada viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan sudlarning (jinoiy, ma'muriy, fuqarolik va iqtisodiy) 2019 yil 6 oy davomida amalga oshirilgan ishlari to‘g‘risidagi axboroti tinglanishi kerak edi.

Biroq, sessiyada ma'ruza qilishi lozim bo‘lgan Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi raisi Olim Hayitov yig‘ilishga kelmagani sababli sessiya raisi Erkinjon Turdimov JIB viloyat sudining raisi o‘rinbosariga ma'ruza o‘qishga yo‘l qo‘ymadi.

Top