16:59 / 01.07.2019
19805

Senator: hamma ham quroldan foydalanish huquqiga ega emas

Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan «Qurol to‘g‘risida» gi qonun ma'qullangan edi. Mazkur hujjat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Farrux Dadaxo‘jayev o‘z munosabatini bildirib, ayrim muhokamali qarashlarga izoh berdi. 

– Qonun hali kuchga kirgani yo‘q, – deydi senator. – U senatorlar tomonidan ma'qullandi, ammo hali Prezident imzolamagan. Ushbu hujjat to‘g‘risida turli saytlar, ijtimoiy tarmoqlarda atroflicha fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Afsuski, ko‘pchilikning noto‘g‘ri talqin qilishi oqibatida aholi orasida bahs-munozaralar yuzaga kelmoqda. Munosabat bildiruvchilar ikkiga bo‘lingan, biri ijobiy baholasa, yana ba'zilari esa zararli tomonlarni tahlil qilmoqda. Hatto qo‘mitamizga ushbu qonunni bekor qilishimizni so‘rab murojaat yo‘llaganlar ham uchrayapti. Aholi orasida qurol deyilganda faqatgina o‘qotar vosita nazarda tutilmoqda. Tabiiyki, bu ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘lyapti.

Shu o‘rinda ta'kidlash kerakki, hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Sababi, qurol bilan tahdid qilish emas, aksincha, fuqarolarning xavfsizligini ta'minlash qonunning asosiy maqsadi hisoblanadi.

Yana bir jihatga e'tibor qaratsak, bugungi kunda ushbu sohaga oid aniq bir qonunning yo‘qligi ko‘pgina huquqiy bo‘shliqlarni vujudga keltirmoqda. Birgina misol tariqasida aytish mumkinki, O‘zbekistonda Ovchilar uyushmasidan 39 ming nafardan ortiq ovchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularda 53 mingdan ziyod o‘qotar ov qurollari mavjud. Ovchilik bilan shug‘ullanadigan havaskorlar, umuman bu boradagi ishlar normativ hujjatlar asosida huquq-tartibot organlari tomonidan tartibga solinar edi. Lekin mukammal ishlab chiqilgan yaxlit bir qonun yo‘q. Shu bois, ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni tartibga solish va nazorat qilishda mazkur «Qurol to‘g‘risida» gi qonun asosida ish olib boriladi.

Shuni ham aytish joizki, hujjatda fuqaroviy, xizmat hamda jangovar qurol turlari tasniflangan. Fuqarolar faqat fuqaroviy, xususan, ov, sport va o‘zini o‘zi himoya qilish qurollaridan foydalanishadi. Bundan tashqari, pnevmatik, ya'ni tirdan foydalaniladigan qurollar ham ushbu qonun asosida tartibga solinadi.

Ammo qonunga ko‘ra, barcha fuqarolar quroldan foydalanish huquqiga ega emas.

Shuningdek, muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan, qasddan jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan, jinoiy jazoni o‘tayotgan va o‘ziga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan fuqarolar quroldan, ovchilikdan foydalanishiga ruxsat berilmaydi. Buning barobarida, jamoat, belgilangan boshqaruv tartibiga tajovuz qiluvchi huquqbuzarliklarni sodir etgan yoki ov qoidalarini buzgan, badanga yengil shikast yetkazgan va giyohvandlik vositalarini, ularga o‘xshash vositalarni yoki psixotrop moddalarni uncha ko‘p bo‘lmagan miqdorda qonunga xilof ravishda tayyorlagan, olgan, saqlagan hamda tashigan yoki jo‘natgani uchun bir yil davomida takroran ma'muriy javobgarlikka tortilgan fuqarolar ham ov quroli va uning o‘q-dorilarini ishlatishi mumkin emas.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibga asosan ov quroliga egalik qilish uchun fuqarolar tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun qabul qilinishi mamlakatimizda qurol muomalasining huquqiy asoslarini belgilash, umuman olganda, qurolni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlatishga emas, aksincha, undan noqonuniy foydalanishning oldini olishga xizmat qiladi.

Jonibek MA'RUPOV yozib oldi.

Top