19:28 / 03.07.2019
18144

Atamboyevning tarafdorlari hukumat va maxsus xizmatlarning iste'fosini talab qilishdi

Foto: sputnik.kg

Qirg‘iziston sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevning tarafdorlari miting o‘tkazib, hukumat va maxsus xizmatlarning iste'fosini talab qilishdi.

RIA Novostining xabar berishicha, Bishkekda bo‘lib o‘tgan mitingda 600ga yaqin kishi qatnashgan.

"Biz hukumat va davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbariyati zudlik bilan iste'foga chiqishini talab qilamiz", - degan Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi kotibiyati vakili Kunduz Joldubayeva.

Miting ishtirokchilari shuningdek, muxolifatchilarni siyosiy ta'qib qilishni to‘xtatishni talab qilishgan.

"Biz prezident Sooronbay Jeenbekovga barcha talablarimizni bajarish uchun ikki oy muhlat beramiz", - degan Joldubayeva va aks holda butun respublika bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilishini ta'kidlagan.

May oyida Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov sobiq prezidentlarni daxlsizlikdan mahrum qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, sobiq davlat rahbari vakolati tugagach yoki hukumatdan chetlashtirilganidan so‘ng ayrim hollarda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin.

Atamboyevga qarshi ayblovlarni maxsus deputatlar komissiyasi ilgari surdi.

Parlamentchilarning fikricha, Atamboyev jinoiy avtoritet Aziz Batukayevning qonunga zid ravishda ozod etilishi, Issiqko‘l va Chuy viloyatlarida yerlarning noqonuniy o‘zlashtirilishi, daromadlarni yashirish, Bishkek IES modernizatsiyasi bo‘yicha korrupsiya ishi va unga noqonuniy tarzda ko‘mir yetkazib berilishiga aloqador.

Mavzuga oid
Top